Ozarbayjon va Armaniston To’gli Qorabog’da ro’y bergan to’qnashuvda bir-birini ayblamoqda.
Ozarbayjon hududida joylashgan ammo asosan armanlar yashovchi Tog’li Qorabog’ 1988 yilda mustaqillik e’lon qilgach, 6 yillik urush boshlangan edi. Unda 35 ming kishi halok bo’lgan.
4 mart kuni harbiylar o’q almashgani natijasida Ozarbayjon 4 askaridan, Armaniston esa 12 harbiysidan ayrilgani aytilmoqda. To’qnashuvga nima sababchi bo’lgani noma’lum.
AQSh Davlat departamenti tomonlarni tinchlikni saqlashga chaqirgan. Sal avval Yerevanga tashrif buyurgan AQSh Davlat kotibi muovini Metyu Brayza rasmiylar bilan uchrashmoqda.
Davlat departamenti xodimi Tom Keysining aytishicha, Tog’li Qorabog’ masalasini harbiy yo’l bilan yechib bo’lmaydi. Keysi diplomatiyani kuchaytirishga chaqirgan. Shu maqsadda 1992 yilda, AQSh, Fransiya va Rossiya boshchiligida “Minsk Guruhi” tuzilgan edi.
Armaniston nazarida Ozarbayjon Yerevanda o’tgan norozilik namoyishlaridan foydalanib, Tog’li Qorabog’ masalasini yana ko’tarmoqda.
Rasmiy Boku nazarida esa Qorabog’dagi arman jangarilar Kosovo mustaqilligining ko’pchilik davlatlar tomonidan tan olinganidan ruhlangan.
Kosovoning birinchilardan bo’lib tan olgan AQSh rasmiylarning aytishicha, Kosovo mustaqilligi boshqa avtonom hududlar yoki bo’lginchi harakatlar uchun namuna deb ko’rilmasligi kerak.
Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev "To’g’li Qorabog’da kerak bo’lsa kuch bilan nazorat o’rnatamiz",- deb ogohlantirib, mamlakat armiyasini kuchaytirishini aytgan.