Ozarbayjon va Armaniston o’rtasidagi uzoq yillik tortishuv, Tog’li Qorabog’ mojarosi xavfli tus ola boshlagan.
Har ikki davlat harbiy salohiyatini oshirish bilan band. Bo’hronlarni o’rganish xalqaro tashkiloti hisobicha, so’nggi sakkiz yilda Ozarbayjon mudofaa byudjetini 20 karra ko’paytirdi.
Asosan armanlar yashovchi Tog’li Qorabog’ Ozarbayjonning bir qismi. 1990-yillarda mustaqillik e’lon qilgach, urush boshlanib minglab odamning yostig’i qurigan. O’rtada tinchlikni arang saqlab turgan – 1995 yilgi kelishuvdir.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti olib borayotgan muzokaradan natija yo’q. Obama ma’muriyati ham tomonlarni murosaga chaqirib keladi.
“Nyu-York Tayms” gazetasining yozishicha, mavjud holat Armaniston hukumatiga ma’qul chunki Tog’li Qorabog’ uning nazoratida. Ozarbayjon arman armiyasini mintaqadan haydab chiqarish qudratiga ega, biroq Rossiyadan cho’chiydi.
Janubiy Osetiya yuzasidan 2008 yilgi Rossiya-Gruziya urushini bir yodga oling. Kreml madadga kelishi shunchaki bir xomxayol emas.
Uzluksiz muzokaradan tomonlarning toqati toq bo’lgan. Ozarbayjon prezidenti maslahatchisi Ali Hasanovning aytishicha, erta-indin urush boshlanmaydi deb hech kim kafolat bermaydi.
“Armaniston bilan yonma-yon, tinch yashashni istaymiz”, - deydi u. “Lekin suverenitet himoyasi oliy vazifa”.
Rasmiy Bokuning xalqaro vositachilardan xafsalasi bir.
“AQSh, Fransiya va Rossiya va’dalar beradi-yu, bajarmaydi. Amerika uchun hozir Afg’oniston, Iroq, Yaqin Sharq muhimroq, Tog’li Qorabog’ kabi mintaqaviy mojarolar bilan ishi yo’q”, - deydi davlat maslahatchisi Ali Hasanov.