Breaking News

AQSh Turkiya va Armanistonni o'tmish adovatini unutishga undamoqda


Ertaga AQSh Vakillar Palatasidagi maxsus komissiya Turkiya va armanlar bilan bog’liq azaliy bir masalani ko’rib chiqadi.

Birinchi jahon urushi davrida Usmoniylar imperiyasi armanlarni qirib tashlashga uringan, genotsid amalga oshirilgan, degan da’vo, mana bir necha yildirki, Kongressda muhokamada.

Anqaradan shu kunlarda Vashingtonga delegatsiya kelib, Turkiya va AQSh o’rtasidagi siyosiy-iqtisodiy hamkorlik hamma narsadan ustun qo’yilishi kerak deya eslatmoqda.

Armaniston va Amerikadagi nufuzli armanlar usmoniylar ularning qariyb bir million millatdoshini yo’q qilib yuborganini aytadi. Usmoniylar imperiyasi parchalanib ketgach vujudga kelgan Turkiya davlati esa qonli urush davrida fuqarolar halok bo’lganini tan oladi.

Ammo aynan armanlarga qarshi qatliom e’lon qilinmagan, u davrlarda yuz minglab turklar ham o’lgan deb keladi.

Kongressda bu borada tuzilgan komissiya 1915 yildagi voqealarni “genotsid” deb tan olish haqidagi loyihani bir necha bor ovozga qo’ygan lekin AQSh-Turkiya aloqalariga do’g tushirishidan xavotirlangan Oq Uy bosimi ostida hujjat chetga surilgan.

Barak Obama prezidentlik uchun kurashayotgan paytida armanlar turklar tomonidan “genosid”ga uchragan deb ta’kidlagan. Biroq hokimiyatga kelgach bunday xulosa qilishdan bosh tortmoqda.

O’tgan yili Istanbulda qilgan nutqida u Turkiya va Armaniston o’tmishdagi qora kunlarni unutib, achchiq tajribadan tegishli xulosa chiqarib, kelajak haqida o’ylashga chaqirgan edi.

Hozir Vashingtonda bo’lib turgan Turkiya qonunchisi, AQSh bilan do’stlik kengashi vakili Suat Kinikliog’lu fikricha armanlar qo’yayotgan talab maxsus komissiyada qabul qilinishi mumkin, lekin u qo’mita yoki palatada ovozga qo’yilmaydi.

“Janob Obama Turkiyada ta’kidlab o’tkanidek, masala Anqara va Yerevan o’rtasida hal qilinishi kerak. Hozir Turkiya va Armaniston o’rtasida diplomatik aloqalar iliqlashgan bir davrda, siyosatchilar emas, tarixchilar orasida muhokama qilinishi kerak. Bu da’volarni qayta- qayta ko’tarib chiqish xato”, - deydi turk siyosatchisi.

O’tgan yili AQSh va Shvetsariya vositachiligida turk va arman tashqi ishlar vazirlari do’stlik protokoliga imzo chekkan va ikki davlat diplomatik aloqalarni tiklashga, jumladan chegaralarni ochish harakatida.

1990-yillar boshida Armaniston qo’shni Ozarbayjonda joylashgan va armanlar ko’pchilikni tashkil etuvchi Tog’li Qorabog’ni bosib olgach Turkiya Armaniston bilan chegarani yopgan edi.

Turkiya-Armaniston aloqalari normallashishidan barcha manfaatdor, deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi P.J. Krouli.

Anqara va Yerevan qariyb bir asr avval ro’y bergan voqealarni o’zaro qayta ko’rib chiqishi, tahlil qilishi mumkin. Lekin biz bu davlatlar orasidagi bugungi aloqalarni yaxshilash haqida gapirayapmiz”,- deydi AQSh diplomati.

Yevropa Ittifoqini boshqarayotgan Ispaniya ham Armaniston va Turkiyani diplomatik rishtalarni mustahkamlash, do’stona qo’shnichilikni yo’lga qo’yishga undamoqda.

XS
SM
MD
LG