Breaking News

Turkiya Armaniston bilan diplomatik aloqa o'rnatishi mumkin


Turkiya yil oxirigacha Armaniston bilan chegarani ochishi mumkin. Bu qo'shni Ozarbayjonni xavotirga solmoqda, chunki chegara Armaniston-Ozarbayjon urushi sabab yopilgan edi.

"Nyu-York Tayms"da chiqqan maqolaga ko'ra, Turkiya va Armaniston yanvar oyigacha diplomatik aloqalarni o'rnatib, chegaralarni ochishga kelishib olgan. Tomonlar o'rtasida diplomatik munosabatlar hech qachon bo'lmagan, chegara esa 1993 yili yopilgan. Armaniston Tog'li Qorabog' ustidan Ozarbayjon bilan urush qilgach, Turkiya qardosh davlatni shu tariqa qo'llab-quvvatlagan.

Ikki davlat chegaraning ochilishidan iqtisodiy foyda ko'rishni ko'zlayapti, deb yozadi "Nyu-York Tayms". Turkiya uchun bu siyosiy ahamiyatga ham ega, chunki bu uning Yevropa Ittifoqiga kirish imkoniyatlarini oshirishi mumkin.

Gap shundaki, Armaniston Usmoniylar Imperiyasini o'tgan asr boshida 1,5 milliongacha arman qatliomida ayblab keladi va Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlarning ba'zilari o'sha voqealarni genotsid deb tan olgan. AQShdagi armanlar ham Kongress va Oq Uyga bosim qo'ymoqda, biroq Qo'shma Shtatlar 1915 yil qon to'kilishlarini rasman genotsid deb tan olmagan.

"Vashington Tayms" gazetasiga ko'ra, Turkiya armanlar ataylab o'ldirilganini inkor etib, qurbonlar soni bo'rttirilgan, armanlarning ba'zilari fuqarolik urushi qurbonlari bo'lgan, mojaroda ko'plab turklar ham nobud bo'lgan deydi.

Armaniston bilan munosabatlarning yaxshilanishi genotsid bo'yicha da'volardan voz kechilishiga olib kelishi mumkin, deydi ba'zilar.

Tomonlar o'tgan yili Shveysariya vositachiligida muzokara boshlagan. Navbatdagi muzokaralar olti hafta davom etadi. 14 oktyabr kuni esa futbol bo'yicha Turkiya va Armaniston terma jamoalari Istanbulda Jahon chempionatining saralash bosqichida o'zaro maydonga tushadi. Armaniston prezidenti Serj Sarkisyan matchga taklif etilgan, deb yozadi "Nyu-York Tayms".

"Vashington Tayms" gazetasida yozilishicha, Turkiya Sovet Ittifoqi qulaganidan so'ng Armanistonni birinchilardan tan olganiga qaramay, diplomatik aloqalarni o'rnatmagan. Ozarbayjon bilan urush keyinchalik chegaraning yopilishiga ham olib kelgan. Shu paytgacha Turkiya diplomatik munosabatlarning o'rnatilishi va chegaraning ochilishi uchun Armanistondan Tog'li Qorabog'ni Ozarbayjonga qaytarishni talab qilib kelayotgan edi.

AQShda chiqadigan yana bir gazeta, "Uoll Strit Journal"ning xabar berishicha, Qo'shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi Turkiya-Armaniston aloqalari tiklanishi ehtimolini olqishlayotgan bir paytda Ozarbayjon bunday bo'lishiga ishonmaydi.

Tog'li Qorabog' mojarosiga yechim topilmaguncha Turkiya bu ishni qilmaydi, deydi Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Elxan Poluxov.

Rasmiy Bokuning ilgari ma'lum qilishicha, agar Turkiya Tog'li Qorabog' masalasi hal bo'lmasidan oldin Armaniston bilan chegarani ochsa, bundan Ozarbayjon-Turkiya aloqalari zarar ko'rishi mumkin. Bu esa Kaspiy gazini Nabukko quvuri orqali Yevropaga uzatishda muhim rol o'ynashi kutilayotgan Turkiyani qiyin ahvolga solib qo'yadi.

XS
SM
MD
LG