Oq uy qarshiligiga qaramay, kecha AQSh Kongressi Vakillar Palatasi qoshidagi maxsus komissiya “Usmoniylar imperiyasi Birinchi Jahon urushi davrida armanlarni qatliom qilgan va bu bir genosiddir” degan rezolyutsiyani 23 ovoz bilan ma’qulladi. 22 qonunchi qarshi ovoz bergan.
Turkiya hukumati AQSh qonunchilarining bu tashabbusiga norozilik bildirib, o’zaro aloqalarga dog’ tushirishini ta’kidlamoqda.
Loyiha ovozga qo’yilib, ma’qullanishi bilan Turkiyaning Vashingtondagi elchisi maslahat maqsadida tezda Anqaraga chaqirildi.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Davudo'g'li qonunchilarning pozitsiyasini qoralagan.
“Bunday takliflar Kongressda muhokama qilinmasligi kerak, Obama ma’muriyati buning oldini olish uchun yetarli bosim o’tkazmagan” deydi u. Uning nazarida rezolyutsiya Turkiya va Armaniston o’rtasida diplomatik aloqani tiklash muzokarasiga ham ziyon qilishi mumkin.
AQSh Vakillar Palatasining Tashqi ishlar qo’mitasi “Usmoniylar armanlarni ommaviy qirgan” mazmunidagi loyihani 2007 yilda ham ko’rib chiqqan, ammo prezident Jorj Bush bosimi ostida hujjat Palataning asosiy uchrashuvlarida muhokama qilinmagan edi.
Prezident saylovlarida “genotsid” so’zini qo’llagan Barak Obama ham o’tgan yili Turkiyaga rasmiy tashrif bilan borganida bu iborani ishlatmaslikni ma’qul topib, asosiy e’tiborni Turkiya-Armaniston aloqalarini yaxshilashga qaratish zarur, masala yechimi mana shu ikki davlat qo’lida, degan edi.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton ham bunday tashabbuslar Turkiya-Armaniston imzolagan protokollar ratifikatsiyasiga g’ov bo’lishini aytgan edi.
“Prezident Obama va men AQSh Kongressida bu masala yuzasidan har qanday tashabbusga qarshimiz”, - deydi AQSh davlat kotibi.
Latin Amerikasi bo’ylab safar qilayotgan Klinton Vakillar Palatasi maxsus komissiyasi rahbari, demokrat qonunchilar bilan telefonda bog’lanib, loyihani bekor qilishni yoki unga qarshi ovoz berishini so’ragan. Loyiha ovozdan o’tganiga qaramay, deydi u, AQSh-Turkiya aloqalari mustahkamligicha qoladi.
“Ishonamanki, turklar ushbu loyihadan norozi bo’lsa-da, AQSh-Turkiya orasdagi ittifoqchilik nihoyat muhim ekanini tushunadi”, - deydi qonunchi Xovard Berman.
Hujjatga ovoz bergan qonunchilarga ko’ra, bunday muhokamalar dunyoda genotsidga qarshi kurash yo’lida AQSh zimmasidagi mas’uliyatni aks ettiradi.
Taklifga qarshi ovoz bergan respublikachi kongressmen Dan Burton esa AQShning Iroq va Afg’onistondagi harbiy operatsiyalarida foydalanilgan muhim bazalardan biri Turkiyada ekanini eslatadi.
“Kelajakda yana boshqa harbiy amaliyotlar olib borilishini nazarga olsak, do’st va ittifoqchilarni ko’paytirgan ma’qul”,- deydi Burton.
Vakillar Palatasi spikeri Nency Pelosi bu loyiha palataning to’liq sessiyasida muhokama qilinish-qilinmasligi borasida hozircha fikr bildirmagan. Lekin Oq uy va Davlat departmenti bunday muhokamaga qarshi.
Turkiyadagi hukmron va muxolif partiya vakillaridan iborat delegatsiya shu damda Vashingtonda va AQSh rasmiylari bilan uchrashmoqda.
AQSh Iroqdagi harbiy operatsiyalar uchun Turkiyadagi Inchirlik havo bazasidan foydalanadi. Eronga sanksiya qo’yishni muhokama qilayotgan BMT Xavfsizlik Kengashida Turkiya - muvaqqat a’zo.
"Nyu-York Tayms" (The New York Times) talqinicha, Obama ma’muriyati rezolyutsiya muhokamasini to’xtatishga kechikkan va bu tashabbus AQSh-Turkiya aloqalari, Turkiya-Armaniston o'rtasida ketayotgan muzokaralarga zarba beradi.