Breaking News

AQSh-Turkiya aloqalari tiklanmoqda


“Vashington Post” gazetasiga ko’ra, so’nggi bir necha yil ichida jahon bo’ylab obro’siga putur yetkazgan Qo’shma Shtatlar Bushning prezidentlik muddati tugamasidan oldin ayrim xatolarini tuzatishga kirishgan. Turkiya bilan darz ketgan aloqalarni tiklash shular jumlasidan.

Iroqdagi urush boshida AQShning eng yaqin hamkorlaridan sanalgan Turkiyada bir necha yil o’tib AQShga nisbatan norozilik kuchaygan. Biroq so’nggi oylar ichida Oq uy hamkori ishonchini qayta qozonish maqsadida ayrim choralar ko’rgan. Natijada, deydi gazetaga AQShning Turkiyadagi sobiq elchisi Mark Parris, aloqalar oldingi holatga asta-sekin qaytmoqda.

Buni Oq uyga tashrif buyurgan Turkiya prezidenti Abdulla Gul ham tasdiqladi. Uning aytishicha, Turkiyada AQSh haqidagi ijobiy fikrning 10 foizdan pastga tushib ketgani turklarning Amerika xalqi yoki qadriyatlariga emas, balki tashqi siyosatidan norozi ekanidan dalolat xolos.

Turkiya va Qo’shma Shtatlar tashqi siyosatda mushtarak yo’nalishlarga ega, deydi Turkiya prezidenti. Bular – Iroq, Afg’oniston, Markaziy Osiyo, Kosovo va Bolqon, Yaqin Sharq.

Biroq, deb yozadi “Vashington Post”, ikki davlat o’rtasida asosiy muammo shundan iborat bo’lganki, Turkiya so’nggi to’rt yildan buyon AQShdan Iroq shimolidan turib Turkiyaga xurujlar uyushtirayotgan Kurdiston Ishchilar Partiyasiga qarshi chora ko’rishni so’rab kelgan, biroq rasmiy Vashington Anqara iltimosini qondirmagan edi.

Nihoyat o’tgan yil noyabrida Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo’g’an Bush bilan kurd jangarilari bo’yicha axborot almashishga kelishib olgan. Shu bilan birga AQSh Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosi 20-asr boshida turklar Usmoniylar imperiyasida armanlarga qarshi genotsid uyushtirgan degan rezolyutsiyani ayrim siyosatchilar bosimi ostida qaytib olgan. Bularning barchasi, gazeta ta’biricha, ikki tomonlama aloqalarda iliqlik kuzatilayotganidan darak.

AQShning Afg’onistondagi sobiq elchisi Ronald Nyumanning AQShda chiqadigan yana bir gazeta, “Nyu-York Tayms”da chiqqan maqolasida mamlakatdagi vaziyat qaltis deb baholanmoqda. Uni yaxshilash maqsadida Qo’shma Shtatlar har bir tumanda mahalliy politsiyachilarni tayyorgarlikdan o’tkazmoqda.

Afg’oniston armiyasining hajmi kichik, deydi sobiq elchi, biroq buni yaxshilash uchun armiya chaqirig’ini joriy etish kerak. Biroq shu bilan birga armiya xarajatlarini qoplash uchun pul kerak. Yirik armiya markaziy hukumatni kuchaytirib, viloyatlardagi dala qo’mondonlari va korrupsiyaga botgan mahalliy politsiya mahkamalari hokimiyatini zaiflashtiradi. Armiyani tayyorgarlikdan o’tkazish uchun esa NATO va Qo’shma Shtatlar faol harakat qilishi kerak.

“Nyu-York Tayms” gazetasi Pokistondagi vaziyatga ham nazar tashlar ekan, Tolibon haqida maqola yozib turgan amerikalik jurnalist mamlakatdan chiqarib yuborilgan deya xabar qiladi. Pokiston rasmiylari Nikolas Shmidl deportatsiya qilinmagan, unga shunchaki jurnalistlarga mo’ljallangan viza berilmagan, deydi. Shmidlning so’nggi maqolasi o’tgan seshanba kuni “Nyu-York Tayms” jurnalida chiqqan.

“Yangi avlod toliblari” sarlavhasi ostidagi maqolani yozish uchun Shmidl mamlakatning jangarilar joylashgan notinch hududlariga safar qilgan. Bundan norozi Pokiston hukumati uni chiqarib yuborishga qaror qilgan. Biroq Shmidlning o’ziga buning sababi bayon etilmagan.

XS
SM
MD
LG