Breaking News

Turkiya arman muhojirlarni chiqarib yuborishi mumkin


“Usmoniylar imperiyasi Birinchi Jahon urushi davrida armanlarga qarshi genotsid amalga oshirgan” degan mazmundagi rezolutsiya Shvetsiyada ham qabul qilindi.

Yaqinda AQSh Kongressida→ bu masala yuzasidan munozara kechgan edi.

Turkiya hukumati bunday harakatlarni qoralab keladi. Bosh vazir Rajab Toyyib Erdog’an mamlakatda noqonuniy yo’llar bilan tirikchilik qilib yurgan armanlarni vataniga qaytarishi mumkin.

Istanbulda g’ayriqonuniy ishlab pul topayotgan armanistonlik qiz o’zini Maria deb tanishtiradi. Turkiya bosh vazirining gaplaridan vahimaga tushgan.

“Bosh vazirning bayonoti tashvish uyg’otmoqda. Bu gaplar haqiqatga aylanishidan xavotirdaman”, - deydi u.

Arman diasporasi xalqaro maydonda katta kuchga ega jamoa. Rasmiy Anqara nazarida uning lobbichilik harakatlari Turkiya-Armaniston→ orasidagi shundoq ham zaif aloqalar kelajagiga raxna solmoqda.

Bosh vazirning ta’kidlashicha, Turkiyada qariyb 170 ming arman bor. Ulardan 70 mingi Turkiya fuqarosi. Biz 100 ming armanga bu yerda ishlab kun korishiga rozi bo’lganmiz. Ammo vaziyat shunday davom etsa, biz ularni haydab chiqarishimiz mumkin”,- deydi Erdog’an.

Turkiyadagi millatchi kuchlar bosh vazir pozitsiyasini yoqlamoqda. Lekin jamoatchilik orasida fikrlar turlicha.

Istanbuldagi Bahcheshehir Universiteti domlasi Chengiz Aqtar deydiki, davlat rahbarining bunday so’zlar bilan chiqishi mamlakat uchun uyat. Qolaversa, armanlar yana bir bor millatchilik qurboni bo’ladi, deydi u.

Istanbulda o’tgan bir kichik namoyishda olomon bosh vazirning tahdidlaridan norozi ekanini bayon qildi.

“Bu bizga ma’qul emas”,- deydi ayrim turklar, “armanlar bizga qo’shni xalq, ular ham bir vaqtlar shu diyorda yashaganlarning avlodlari. Bunday bayonotlarga toqat yo’q”.

Bu fuqarolar nazarida kelgindi armanlar - hozirgi siyosat qurboni.

Norozilik kuchayar ekan, Bosh vazir Erdog’an armanlarni quvib chiqarish haqidagi fikrini qaytib olgan.

Nima bo’lganda ham, deydi akademik Chengiz Aqtar, bosh vazirning gaplari Turkiya va Armaniston o’rtasida bir muddat iliqlashib borgan aloqalar va AQSh vositachiligida yaqinda imzolangan Anqara-Yerevan protokoli ratifikatsiyasiga salbiy ta’sir ko’rsatadi.

“Bir tomondan rasmiy aloqalarni tuzatishga harakat qilib, ikkinchi tomondan armanlarni haydab chiqarish haqida gapirish, albatta bir- biriga qarama-qarshi harakat”, -deydi mutaxassis.

XS
SM
MD
LG