NATO AQShning Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi ishga tushgani haqida ma'lum qilmoqda. Alyans Bosh kotibi Anders Fog Rasmussenning Chikagodagi sammitda aytishicha, radar tizimi Turkiyada bo'lib, raketalarni urib tushiruvchi moslamalar AQShning O'rta Yer dengizidagi harbiy kemalarida o'rnatilgan.
"Tizim haqida Lissabondagi sammitda gap ochgan edik, bugun esa rejamizning amalga oshgani haqida e'lon qildik. Biroq bu mukammal sistema emas, uni takomillashtirishda davom etamiz", - deydi Rasmussen.
Alyans 2020-yilgacha Yevropaga har tarafdan solinishi mumkin bo'lgan tahdiddan himoya tizimini yaratmoqchi.
Rossiya uni o'ziga xavf deb bilib, AQSh rejasiga qarshi chiqib keladi. Sistema ishga tushsa, Kreml hujumkor raketalarini NATOga a'zo davlatlar chegaralarida o'rnatishini bildirgan.
"Rossiya bundan xavotir olmasligi kerak. U bilan muloqotni kuchaytirishimiz lozim", - deydi Fransiya prezidenti Fransua Olland.