Breaking News

Isroil Eronga hujum qilsa, Amerika nima deydi?


Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu

Eron borasida AQSh Isroil bilan hamfikr ekanini ta’kidlamoqda. Maqsad bitta: Eronning yadro qurolini qo’lga kiritishiga yo’l qo’ymaslik. Shuningdek, xalqaro sanksiyalar ish berishi uchun yetarlicha muddat kerak, deydi Oq Uy rasmiylari.

Keyingi hafta prezident Obama Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uchrashmoqda. Ushbu uchrashuvda muhokama etiladigan asosiy mavzular nimalardan iborat? Oq Uyda shu haqda jurnalistlarga qisqacha ma’lumot berildi.

So’nggi paytda Isroil AQSh bilan maslahatsiz va ogohlantirishsiz, bir o’zi Eron yadro inshootlariga qarshi raketa hujumini boshlashi ehtimoli haqida ko’p gapirilmoqda.

Oq Uy matbuot kotibi Jey Karni AQSh va Isroil Eron masalasida faol muzokaralar olib borayotganini ta’kidlab, muloqot mavzusi va Eronga qarshi ehtimoliy hujumlar haqida ma’lumot bermadi.

Isroil Eronni asosiy dushman deb biladi
Isroil Eronni asosiy dushman deb biladi
“Isroil bilan juda yaqin aloqadamiz, - dedi Karni. - Har bir bosqichda muzokaralar faol davom etyapti. Ammo men noaniq bo’lgan mavzularda taxmin qilmagan bo’lardim”.

Xavfsizlik masalalari bo’yicha mutaxassis, Jorjtaun universiteti professori Kolin Kalning fikricha, Isroil Eronga qarshi hujum uchun jiddiy tayyorlanayotgani haqida bir necha oydan beri ishora qilib kelyapti.

Uning aytishicha, buni qaysidir ma’noda, strategik ogohlantirish deyish mumkin. Ammo urush boshlanadigan bo’lsa, Isroil AQShni rasman xabardor qiladimi degan savol hanuz ochiq qolmoqda.

“Bu savolga javobni biladigan yagona odam bu Netanyaxu. Nazarimda, Isroil AQSh uni so’nggi daqiqada hujum qilish rejasidan qaytarishga urinishini istamaydi. Qo’shma Shtatlar so’nggi bir necha soat ichida xabardor etilishi mumkin,” deydi mutaxassis.

AQShning yuqori martabali rasmiylari, jumladan, prezident Obamaning milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi so’nggi oylarda Isroilga bir necha bor qatnab, Eronga qarshi xalqaro jazo choralari ishlashi uchun yana bir oz vaqt kerakligini ta’kidlab kelyapti.

Eron esa yadro dasturi faqat tinch maqsadlar uchun yaratilayotganini, undan harbiy yo’lda foydalanish niyati yo’qligini aytib keladi.

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajodning aytishicha, atom dasturi faqat tinch maqsadlarni ko'zlaydi
Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajodning aytishicha, atom dasturi faqat tinch maqsadlarni ko'zlaydi
“Wall Street Journal” nashrining yozishicha, ayrim AQSh rasmiylari, jumladan, harbiy kuchlar qo’mondoni Isroil Eronga noo’rin tahdidlar qilyapti, degan fikrni aytgan. Isroil bunga qo’shilmaydi.

Oq Uy matbuot kotibidan shu haqda so’ralganda, Karni Obamadan iqtibos keltirib, Eronni yadro dasturidan qaytarish uchun hech bir chora hisobdan chiqarilmaganini aytdi. Lekin diplomatiya va sanksiyalar samara berishi uchun ko’proq vaqt kerak, dedi u.

Oq Uy matbuot kotibi Jey Karni
Oq Uy matbuot kotibi Jey Karni
“Eron o’zi kirib qolgan boshi berk ko’chadan chiqishi uchun bir yo’l bor, - dedi Oq Uy rasmiysi. - Bu yo’l xalqaro majburiyatlarni bajarish, yadro qurolini qo’lga kiritish haqidagi ishtiyoqlardan voz kechish hamda majburiyatlarga amal qilgan holda yana xalqaro hamjamiyatga qo’shilish”.

AQSh rasmiylari, jumladan, Mudofaa vaziri Leon Panettaning aytishicha, Eron yadro qurolini yaratishga kirishsa va Xo’rmuz bog’ozini xalqaro kemalar uchun to’sib qo’ysa, unga nisbatan chora ko’riladi.

Prezident Obama va Bosh vazir Netanyaxu Amerikadagi Isroilga xayrixoh eng katta lobbichi guruh Amerika-Isroil jamoatchilik ishlari qo’mitasining (American Israel Public Affairs Committee) yillik yig’inida nutq so’zlashi kutilmoqda.

Yakshanba kuni bo’ladigan bu yig’inda Obama Eron masalasini ham ko’taradi, dedi Karni. Konferensiyadan bir kun o’tib, Obama Netanyaxuni Oq Uyda qabul qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG