AQSh rahbari Barak Obamaning davlat xavfsizligi bo’yicha maslahatchisi Tom Donilon Isroilga safar qilib, Eron yadro dasturi xususida gaplashgan.
Ekspertlar fikricha, islomiy respublika yadro quroli yaratishga yaqin turibdi. Bu da’voni tekshirish uchun borgan BMT inspektorlari harbiy inshootlarga yo’latilmagan.
Xalqaro Atom boshqarmasi vakillari “agar Tehron hech narsani yashirmayotgan bo’lsa, nega bizni harbiy obyektlarga kiritmadi”, deya hayron.
Isroil havo kuchlari Eronning yadro zavodlariga hujum qilishi mumkin, degan mish-mishlar tarqalmoqda.
Obamaning maslahatchisi Tom Donilon Quddusda Bosh vazir Benyamin Netanyaxu, Mudofaa vaziri Yaxud Barak va Qurolli kuchlar qo’mondoni Benni Gants bilan shu haqda gaplashgan. Tafsilotlar ma’lum qilinmayapti.
Oq uyning bildirishicha, uchrashuvlarda har ikki tomon xavotiriga sabab bo’layotgan masalalar muhokama etilgan.
AQSh va Isroil bir maqsadni ko’zlaydi – Eron atom qurolini qo’lga kiritishiga yo’l qo’ymaslik, deydi Oq uy so’zlovchisi Jey Karni.
Xalqaro sanksiyalar bu davlatni yakkalab qo’ydi, iqtisodiyotiga katta zarba berdi, deya qo’shadi rasmiy.
“Diplomatik harakatlar ish berishi va Tehron xalqaro hamjamiyat bilan samimiy muloqot boshlashi uchun hali ham imkoniyat va vaqt bor. Bu mojaro tinch yo’l bilan hal etilishidan hammamiz manfaatdormiz”, - deydi Jey Karni.
Isroil matbuotining yoritishicha, Obamaning maslahatchisi yahudiy davlat rahbarlariga aynan shu ma’noda noma yetkazgan.
“Hujumga shoshmang, sabr qiling”, deyiladi unda. “Jerusalem Post” gazetasi Mudofaa vaziri Yaxud Barakning quyidagi so’zlarini keltiradi: “AQSh va Isroil suveren davlatlar. Yaqindan maslahatlashamiz, lekin yakuniy qarorni o’zimiz qabul qilamiz”.
Britaniya Tashqi ishlar vaziri Vilyam Xeyg ham Isroilni sabr qilishga, diplomatiya samara berishini kutishga undagan.
AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabi qo’mondoni Martin Dempsi fikricha, Eronga hujum butun mintaqani ostin-ustun qilib yuboradi, hozir harbiy chora ko’rish fursati emas.
Eron ham, o’z navbatida, “dushman bizga hamla qilishini bilib qolsak, qarab turmaymiz”, deya ogohlantirmoqda.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu kelasi oy Vashingtonga safar qiladi. Barak Obama bilan muloqotda Eron yadro dasturi bosh masala bo’ladi.