Markaziy Osiyo, Afg'oniston va Eron bahor ayyomini nishonlar ekan, AQSh rahbari o'z tabrigini yo'llab, tinchlik va farovonlik tiladi.
O’z murojaatida u asosan Erondagi vaziyatga to’xtalib, yangi yilni qarshilayotgan jamiyatni o’zgarish qilishga chorladi.
AQSh tashqi siyosatida Afg’oniston eng yuqori o’rinda bo’lsa, ikkinchisi – Eron. Obama deydiki, bu mamlakatda tuzum fuqaroni ezishda davom etmoqda.
"Eron xalqi eng oddiy huquqlaridan ham mahrum, jumladan axborot olish erkinligidan. Hukumat sun’iy yo’ldosh signallarini bo’g’ib, odamlarni tele va radio xabarlardan ayirmoqda. Internetdan foydalanish cheklangan. Kompyuter va uyali telefonlar nazorat ostida… Oxirgi paytda odamlar hatto chet eldagi yaqinlari bilan aloqa qila olmay qoldi”,- deydi Obama.
Prezidentning aytishicha, Amerika bizneslari Eron xalqiga imkon qadar yordam berishga, ularni tashqi dunyo bilan bog’lashga harakat qilmoqda.
Barak Obama har yili Navro’z paytida Eron ahliga murojaat qilib, hamdardlik bildiradi, unga madad ko’rsatishga tayyor ekanini aytadi. Bu safar ham shunday bo’ldi.
“Eron xalqiga buyuk va qadim sivilizatsiya meros qolgan. Inson borki, qayerda bo’lmasin, erkin o’ylab, fikrini bemalol izhor eta olishi kerak. Davlat bu huquqlarni ta’minlashi shart. Lekin Eronda hukumat ularni bundan ayirib kelmoqda. Shuningdek, u yadroviy dasturi yuzasidan o’z majburiyatlarini bajarishi darkor. Eron hukumati murosa yo’lidan borib, mas’uliyatli ekanini isbotlasa, xalqaro hamjamiyat u bilan hamkorlikka tayyor. Bu bilan Eron xalqi uchun keng imkoniyatlar ochiladi”.Lekin Eronda hamma ham AQSh rahbarining bu murojaatini ijobiy qabul qilmagan. Ayrimlar nazarida bu - quruq gaplar, boshqalar fikricha esa Obama samimiy so’zlagani bilan baribir hech narsa o’zgarmaydi.
Eron hukumatining qayd etishicha, atom dasturi - faqat tinchlikni ko’zlovchi, yadroviy energiya ishlab chiqarishni takomillashtirish yo’lida olib borilayotgan loyiha.
G’arb ta’biricha esa bu davlat zimdan atom quroli ustida ish olib bormoqda.
Vashingtondagi bahoriy manzara: