Yevropa Ittifoqi nazarida, Eron o’z yadroviy dasturi yuzasidan ko’p tomonlama muzokaralarga qaytishi mumkin.
Blok bosh diplomati Ketrin Ashton kuni kecha Vashingtonda bo’ldi va Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan muloqot ketidan shuni ma’lum qildiki, Eron uning 2011-yilning oktabrida yozgan maktubiga javob bergan.
Eron bosh muzokarachisi Said Jaloliy yozgan bu xatda, atom loyihasi tinch maqsadlarni ko’zlashi va bu borada xalqaro hamjamiyat bilan gaplashishga tayyor ekanini bildirgan.
Eron xalqaro hamjamiyat bilan til topishish istagida bo’lsa, bu ijobiy yangilik, deydi AQSh bosh diplomati Xillari Klinton.
Lekin muzokaralarning boshqa ishtirokchilari - Rossiya, Xitoy, Fransiya, Britaniya va Germaniya hali bu borada munosabat bildirmagan.
Klinton xonim deydiki, Eron oldin ham muzokaraga tayyor ekanini bildirib, keyinchalik so’zidan qaytgan. Shu bois, xalqaro hamjamiyat shoshmay ish tutadi, deydi u.