Breaking News

Eron-Amerika ixtilofini Qirg’iziston ahli xavotir bilan kuzatmoqda


Isfaxon shahri yaqinidagi uran boyitish inshooti
Isfaxon shahri yaqinidagi uran boyitish inshooti

AQSh-Eron orasidagi ziddiyat va buning Markaziy Osiyoga ta’siri Qirg’izistonda o'ziga xos munozara uyg'otgan. Mintaqada yana bir qaynoq nuqta paydo bo’lishi mumkin, deya xavotir bildiradi ziyolilar.

“Albatta, Eron mojarosi tinch yo’l bilan hal qilinsa ma’qul bo’lardi. AQSh Iroqdagi holatni takrorlayotganga o’xshaydi nazarimda. Xalqaro hamjamiyat, BMT buning oldini olishi kerak deb o’ylayman”, - deydi o'z ism-sharifini bildirmagan o’shlik muallim.

Boshqa suhbatdosh fikricha, Amerika Eronga musulmon davlat bo’lgani uchun bosim o’tkazmoqda.

“Yangi urush boshlagandan ko’ra Qo’shma Shtatlar Falastin-Isroil muammosiga chek qo’ysa bo’lmaydimi?” - deya so'raydi u.

Bishkekdan harbiy tahlilchi, polkovnik Leonid Bondarets ham masalani diplomatik usullar yordamida yechish zaruratini ta’kidlaydi.

Uningcha, AQShning islomiy respublikaga nisbatan hozirgi siyosati ko’proq agressiyaga o'xshaydi va bu mintaqa ahlida salbiy kayfiyat uyg’otmoqda.

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod maqsad atom energiyasi ishlab chiqarishni kengaytirish deydi
Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod maqsad atom energiyasi ishlab chiqarishni kengaytirish deydi
“Amerikaning mavqei pasaygan, iqtisodiyoti yaxshi ahvolda emas. Qator davlatlarning iqtisodiy o’sishi undan yuqori. Shu bois hozir nufuzini qanday yo’l bilan bo’lsa-da tiklashga urinmoqda”, - deydi Bondarets.

Siyosatshunos, sobiq diplomat Orozbek Moldaliyev nazarida esa Eronning yadroviy loyihalari yuzasidan tashvishlar o’rinli, lekin unga xalqaro hamjamiyat ko’magida, muzokara yo’li bilan yondashish kerak.

“Eron o’z yadroviy izlanishlari haqida ochiq-oydin gapirmayapti. Uning ittifoqchisi Rossiya BMT atom agentligi bilan ishlashga chaqirib keladi. Qisqasi, xalqaro hamjamiyat fikrini inobatga olib, masalani yechish kerak. Bizning mintaqaga kelsak, bir tarafda yadroviy qurolga ega Rossiya, boshqa tarafda qudratli quroli bor Xitoy, Pokiston. Endi ularga Eron qo’shilsa, bu albatta, region xavfsizligiga ta’sir qilmay qolmaydi”, - deydi Moldaliyev.

Hozircha Qirg'iziston hukumati Eron atrofidagi bahslarga qat’iy munosabat bildirmagan.

Kuni-kecha Bishkekda Eron islomiy inqilobining 33 yilligiga bag’ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.

AQSh rahbari Barak Obama Eron atom masalasini diplomatik yo'l bilan yechish niyatida ekanini aytadi
AQSh rahbari Barak Obama Eron atom masalasini diplomatik yo'l bilan yechish niyatida ekanini aytadi
Bu mamlakat elchisi Manuchehr Murodiy AQSh Qirg’iziston hududidan Eronga qarshi biror amaliyot uchun foydalanmaydi, rasmiy Bishkek bunga yo’l qo’ymaydi, deya ishonch bildirdi.

Avvalroq Eron harbiylari qay tomondan zarba kelsa, o’sha tomonga javob berilishini qayd etgan edi.

“Bu o’rinda masalaga siyosatni aralashtirmay qarash kerak. Axir, Eron o’zi ham Afg’onistonda tinchlikni ta’minlashga hissa qo’shmoqda", - deydi Moldaliyev.

Uningcha, Bishkek yaqinidagi “Manas” tranzit markazi islomiy respublikaga tahdid solmaydi.

"AQSh-Qirg’iziston bitimida bu aniq ko’rsatilgan. Ikkinchidan, Bishkek-Tehron o’rtasida barqaror do’stona munosabatlar mavjud va buni rasmiylar alohida eslatib kelmoqda”, - deydi siyosatshunos.

Vashington Eron atom dasturi masalasini diplomatik yo'l bilan yechish tarafdori ekanini ta'kidlab keladi. Prezident Barak Obama maqsad urush emas, Eronni atom quroli yaratishga yo'l qo'ymaslik, deydi.

Islomiy respublika esa o'z loyihalarini himoya qilib, ular atom energiyasi ishlab chiqarish sanoatini rivojlantiradi, deya qayd etmoqda.

Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik, BMT qoshidagi tashkilot, nazarida esa Eron uranni katta miqdorda boyitayotgani yadroviy qurol ustida ish ketayotganidan dalolat.

XS
SM
MD
LG