Breaking News

AQSh va Isroil Eron yadroviy dasturi yuzasidan turlicha fikrda


Eron yadroviy dasturini qo'llab-quvvatlagan talabalar Isfahondagi uranni boyitish inshooti yaqinida aksiya uyushtirdi. 2011-yil noyabr
Eron yadroviy dasturini qo'llab-quvvatlagan talabalar Isfahondagi uranni boyitish inshooti yaqinida aksiya uyushtirdi. 2011-yil noyabr

Prezident Barak Obamaning aytishicha Isroilda Eronga qarshi urush rejasi hali tasdiqlanmagan. G'arb nazarida islomiy respublika atom bombasi ustida ishlamoqda.

Isroil pozitsiyasi shuki, Eron yadroviy qurolga ega bo’lay-bo’lay deb turibdi.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta so’zlariga ko’ra, joriy yilning aprel-iyunida Isroil Eron harbiy inshootlarini bombardimon qilishi ehtimoli bor.

Islomiy davlat oliy rahnamosi Oyatulla Ali Xomayniy deydiki, Eron o'zini himoya qilishga tayyor.

AQSh va Isroil hukumati o’rtasida Eron yadroviy dasturi qaysi bosqichda ekani yuzasidan yakdillik yo’q.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta
AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta
2009-yilda Markaziy razvedka agentligi rahbari bo’lgan Leon Panetta “Amerika Ovozi”ga bu davlat 2010-2015 yillarda qudratli qurolni qo’lga kiritishi mumkinligi, biroq hali Eron bu borada qat’iy qaror qilmaganini aytgan edi.

“Fikrimizcha va razvedka ma’lumotlariga ko’ra, yadroviy dastur davom etayotgan bo’lsa-da, Eron rasmiylari orasida qurol yaratish-yaratmaslik yuzasidan bahslar davom etmoqda”, - degan edi Panetta.

Eng so’nggi xulosalarga ko’ra ham bu davlatda aniq bir fikrga kelinmagan. Lekin bu yo'nalishda izlanishlar davom etmoqda, deydi AQSh rasmiylari. Ammo Isroil hukumati boshqacha fikrda.

Isroil Mudofaa vaziri Exud Barak
Isroil Mudofaa vaziri Exud Barak
Islomiy respublika uran moddasini 20 foizga boyitishga muvaffaq bo’lgan. Biroq yadroviy qurol yaratish uchun sofligi 90 foiz bo’lgan uran talab qilinadi.

"Agarda bu davlat uranni yetarlicha boyitsa, yaqin orada bombani qo’lga kiritishi turgan gap. Lekin buni isbotlovchi dalilimiz hozircha yo’q”, - deydi sobiq razvedkachi Tomas Fingar.

Vashington Eronga nisbatan sanksiyalar va diplomatiya orqali bosim o’tkazishga urinmoqda.

Bu yondashuv to’g’ri, deydi Tom Fingar.

“Agar Tehron haqiqatan ham qurol yuzasidan ikkilanib turgan bo’lsa va uni bombardimon qila boshlasak, Eron jamoatchiligi nafaqat yadroviy dastur, balki hukumatni ham qo’llab-quvvatlay boshlaydi”,- deydi u.

Tadqiqotlar faqat tinchlik yo’lida xizmat qiladi, deya ta’kidlayotgan Tehronning asl niyatini bilish qiyin.

AQSh Markaziy razvedka agentligi rahbari Devid Petreus ta’kidiga ko’ra, agar Eron uranni 90 foizga boyitsa, bomba ustida ishlayotgani tasdiqlanadi.

Biroq Isroil Mudofaa vaziri Exud Barak "unda vaqtni boy beramiz", deydi.

“Yana kutish kerak deyayotganlar kech bo’lganini shunda darrov tushunadi”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG