Breaking News

Jahon energetika bozorida ulkan o’zgarishlar


Shamoldan quvvat olayotgan davlatlar ko'paymoqda
Shamoldan quvvat olayotgan davlatlar ko'paymoqda

Yer shari aholisi o’sib borar ekan, energetika zaxiralariga ham talab oshmoqda. Raqobat kuchaymoqda.

Mutaxassislar fikricha, dunyoda neft ishlab chiqarish hajmi kengayadi. Muqobil energiya manbalari neft va tabiiy gaz o’rnini hozircha bosa olgani yo’q.

Yaqinda Texas shtatining Xyuston shahrida bo’lib o’tgan yirik xalqaro forumda aynan shu masalalar muhokama qilindi.

So’nggi yillarda jahon energetika sohasida jiddiy o’zgarishlar yuz berdi. Braziliya okean tubida ulkan neft zaxiralarini kashf etdi.

Qo’shma Shtatlar o’z tabiiy gaz konlaridan foydalana boshladi. Bunga sabab – neft va gazni qazib olish uslubidagi yangi kashfiyotlar.

Kanada ham mamlakat g’arbidagi Alberta viloyatida joylashgan konlardan ko’proq qora oltin qazimoqda.

Kanada Tabiiy boyliklar vaziri Jo Oliver fikricha, zamonaviy texnologiya Shimoliy Amerikada “oltin davr”ni boshlab berdi.

OPEC, Neft ishlab ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi tashkilot, kelajakka tayyormi?
OPEC, Neft ishlab ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi tashkilot, kelajakka tayyormi?

OPEC, neft eksport qiluvchi davlatlar tashkilotidan tashqarida Shimoliy Amerika bu sohada eng jadal sur’atlar bilan o’sayotgan mintaqadir. Kelasi besh yilda ishlab chiqarish hajmi 10 foizga o’sadi”,- deydi Oliver.

Kanada rasmiysi fikricha, suvostidagi va yangi turdagi boyliklarni rivojlantirish jarayoni davom etsa, neft eksporti sohasida monopolist hisoblangan OPEC qudrati pasayadi:

“Fikrimcha, neft va boshqa tabiiy resurslar sohasida shu kungacha eng kuchli bo’lgan bu tashkilotning bundan buyon ta’siri ancha kamayadi”,- deydi Oliver.

Daniel Yergin yozgan yangi kitob “Izlanish, energetik xavfsizlik va yangicha dunyo” deb nomlanadi. Zamon va talab boshqacha, deydi u.

“Jahon xaritasiga qarasak, neft ishlab chiqaruvchi mintaqalar o’zgarmoqda, neftga bo’lgan talab, bozorlar – hammasi o’zgarmoqda. Bu esa geosiyosatga ta’sir qiladi”.

Yergin bu sohada o’z konsultantlik firmasiga ega. Uning aytishicha, neft va gaz sohalarida yangi texnologiyalar kashf etildi-yu, ammo muqobil energetika sohasida bu ma’noda hech qanday jiddiy o’zgarish yuz bermadi. Vaholanki, shamol va quyoshdan olinadigan eneriya va biologik yonilg’ining ahamiyati tobora oshib borishi muqarrar.

“Biz hozirgi damda nima bo’layotgani haqida qayg’urishimiz kerak. Shuningdek, kelasi 10-20 yil ichida va uzoq muddatda bizni nimalar kutayotganini o’ylab, barcha jabhalarda ishlashimiz kerak”,- deydi Yergin.

Aynan shunday yondashuv tanlagan mamlakat – Turkiya. Bu yerda shamol quvvatidan foydalanish – ustuvor masala. Maqsad – kelasi 20 yilda energiyaning 30 foizini shu manbadan olish.

Yevropa va Osiyo o'rtasida joylashgan Turkiya mintaqaviy energetika markaziga aylanishga intilmoqda
Yevropa va Osiyo o'rtasida joylashgan Turkiya mintaqaviy energetika markaziga aylanishga intilmoqda

Yevropa va Osiyo o’rtasida ko’prik bo’lgan bu mamlakat mintaqaviy energetika markaziga aylanishga intilmoqda.

Alparslon Bayroqdor, Turkiya Davlat energetika agentligi rahbari deydiki:

“Talab va ta’minot… Yevropada talab katta, o’zimizda ham anchagina. Turkiyaga boshqa tomondan qo’shni bo’lgan mamlakatlar esa energetik zaxiralarni taklif qiladi“.

Londonda asoslangan Jahon energetika kengashi Bosh kotibi Kristof Fray nazarida, dunyoni aynan shunday yondashuv, strategiya o’zgartira oladi:

“Neft va gaz uchun quvurlar barpo etganmiz, to’g’rimi ? Nimaga bu tizimlarning ayrimlarini shamol energiyasi uchun ishlatmaymiz? Turkiya, Yevropa va hokazo”.

Energetika sohasida ekologik va geopolitik muammolar ko’p, lekin hozir qiziq bir davr, deydi Fray.

“Bir tomondan mavhumlik, ikkinchi tomondan esa omalshumul kashfiyotlar va yutuqlar. Biz katta inqiloblar bo’sag’asida turibmiz”.

Jahon iqtisodi, oziq-ovqat ishlab chiqarish va taqsimlash, atrof-muhit muhofazasi – bularning bari inqilob qanday bo’lishiga bog’liq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG