Breaking News

AQShda tabiiy gaz qazib chiqarish loyihalari avjida


AQShda tabiiy gaz qazib chiqarish loyihalari avjida
AQShda tabiiy gaz qazib chiqarish loyihalari avjida

Qo’shma Shtatlarda yangi tabiiy gaz konlarini topib, o’zlashtirish loyihalari avjida. Pensilvaniya shtati joylashgan hudud eng katta zaxiraga ega.

Yer qa’ridan gaz qazib chiqarishning “gidravlik” usuli bugun dunyo bo’ylab keng tarqalgan. Sinovdan o’tgan, eng xavfsiz texnologiya, deb ishontiradi sanoat egalari. Ammo tabiatparvar faollar boshqacha fikrda.

Pensilvaniya shtatining bir chekka qishlog’ida Chesapeake Energy kompaniyasi ishchilari qazishga tayyorgarlik ko’rmoqda. Brayan Grov loyihaga bosh-qosh.

“Yer osti tabiiy gaz uyumlariga yetish uchun gidravlik texnologiyadan foydalanyapmiz”, deya tushuntiradi u.

AQShda tabiiy gaz qazib chiqarish loyihalari avjida
AQShda tabiiy gaz qazib chiqarish loyihalari avjida

Avvalo, bir kilometr chuqurlikda kovak qazilib, quvurlar yotqiziladi. Ular orqali bosim ostida suv, qum va kimyoviy moddalardan iborat eritma uzatiladi. Maqsad - tog’ jinslarini yorib, gaz chiqishi uchun yo’l ochib berish.

“Yer ostida yoriqlar hosil bo’lgach, quduqning ichiga suv yuboramiz. Qum va ximikatlar bilan aralashtirilgan suv”, - deydi Brayan Grov.

Bitta quduqdan gaz qazib chiqarish uchun 15-20 million litr ana shunday suyuqlik kerak bo’ladi. Loyiha rahbarining aytishicha, xavfsizlikka e’tibor katta.

Biroq bu usulga shubha bilan qaraydiganlar ko’p. AQSh Tabiatni muhofaza qilish agentligi yaqinda bir tadqiqot natijalarini e’lon qildi. Burg’ilashda ishlatiladigan kimyoviy moddalar yer osti suvlarini zaharlamoqda, deyiladi unda.

Pensilvaniyada tabiat muhofazasi bilan shug’ullanuvchi tashkilot direktori Stiv Xvodzovich xavotirlar asosli, deydi. Bu shtatda burg’ilash uchun kompaniyalarga minglab litsenziyalar berilgan.



“Nafaqat yer osti suv zaxiralari, balki havoni ham zaharlashyapti. Ishlatilgan kimyoviy moddalar usti ochiq konteynerlarda saqlanadi”, - deydi Xvodzovich.

Ana shunday omborlardan biri Jun Chapelning uyi yonida joylashgan. Bir emas, to’rtta konteyner olib kelib joylashtirishdi, hech narsa qila olmadik, deydi u.

“Ancha-muncha shikoyat qildik, arizalar yozdik, foydasi bo’lmadi. Uyimiz atrofidan shundoq benzin, kerosin hidi kelib turadi”.

AQShda tabiiy gaz qazib chiqarish loyihalari avjida
AQShda tabiiy gaz qazib chiqarish loyihalari avjida

Amerika Neft uyushmasi vakili Li Fullerning aytishicha, gaz sanoati toza va xavfsiz texnologiyalarni qo’llash tarafdori. Neft va gaz har bir mamlakat uchun strategik mahsulot. Iqtisodiy o’sishni ta’minlaydi, aholi uchun ish o’rinlari yaratadi, deya eslatadi u.

“Gaz konlariga boy Pensilvaniyani oling. Shtat ma’muriyati e’tirozlarga javoban yangi qonun-qoidalar joriy etdi. Shu orqali muammoni hal etib kelayapti. Demoqchimanki, biznes yo’lini to’sib qo’yishgacha borgani yo’q. Chunki iqtisodiy o’sish, farovonlik kaliti – biznes”, - deydi Li Fuller.

Ammo Amerikada bugun gaz konlarini o’zlashtirishga doir umumiy bir standart mavjud emas. Gidravlik yoki boshqa usulni qo’llaydimi, bu kompaniyalarning o’ziga havola.

Buning ichimlik suvi va ekologiyaga ta’siri hali yetarlicha o’rganilmagan. Mavzu yuzasidan bahs-muhokamalar davom etyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG