"Nyu-York Tayms" gazetasi Yevropada Rossiya olg'a surayotgan "Janubiy oqim" gaz quvuri istiqbolini tahlil qiladi. Loyihaga ko'ra, Qora dengiz tubi orqali yotqizilishi rejalanayotgan quvur 2020-yilgacha ishga tushirilib, Rossiya gazi Yevropaga uzatiladi.
Quvur haqidagi gaplar bir necha yildan beri mutaxassislar og'zidan tushmayotganiga qaramay loyiha qiymati va, hattoki quvur xaritasi haligacha ma'lum emas.
Rossiya loyihani ko'klarga ko'tarib, Yevropani arzon gaz bilan ta'minlaymiz deydi. Ammo Bryusseldagi Yevropa siyosatini o'rganish markazi eksperti Kristina Egenxoferning aytishicha, loyihaga yirik sarmoya talab qilinadi, ammo oxir-oqibatda foydasi kutilganday bo'lmasligi mumkin, deydi u.
Ayrim hisob-kitoblar "Janubiy oqim"ni 22,3 milliard dollar atrofida baholamoqda. Yevropa Ittifoqining "Nabukko" gaz quvuri "Janubiy oqim"dan salkam ikki marotaba arzon, biroq "Nabukko"da quvurni dengiz ostidan olib o'tish ko'zlanmagan va u orqali kamroq gaz o'tadi.
Tabiiy gazga muqobil manbalarning, masalan, slanets gazi yoki suyultirgan gazning rivojlanayotgani bo'lajak sarmoyadorlarni o'ylantirib qo'ymoqda. Uzoq muddatda tabiiy gazga ehtijoy tushib, "Janubiy oqim" hozir o'ylanganidek daromadli bo'lmasligi mumkin.
Yevropa gazning 25 foizini Rossiyadan oladi. Yaqin kelajakda muqobil manbalar topilmas ekan, Rossiya yonilg'isiga tobelik kuchayishi mumkin.
"Janubiy oqim" "Nabukko"ga qarshi qaratilmagan, deydi Rossiya loyihasining gollandiyalik rahbari Marsel Kreymer.
Arzonroq bo'lsa-da, "Nabukko" quvuri qurilishiga ham pul qiyinchilik bilan topilmoqda. Loyiha rahbari Raynxard Mitchek quvur 2017-yilda ishga tushishini bashorat qilmoqda. Ya'ni ko'zlanganidan uch yil kech.