Ukraina Rossiyadan gaz bahosini pasaytirishni talab qilib, aks holda “oqibatlari yaxshi bo’lmaydi” deya ogohlantirmoqda.
Kreml 2009-yilda imzolangan kelishuvni o’zgartirishga rozi, ammo muayyan shartlar asosida.
Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning ta’kidlashicha, gaz savdosi bo’yicha mavjud shartnomaga hukumatlar so’zsiz amal qilishi kerak, xalqaro qonun-qoida shu.
Rasmiy Kiyev bundan ikki yil oldin tuzilgan hujjat bandlarini qayta ko’rib chiqishni so’rayapti. Kerak bo’lsa, xalqaro sudga shikoyat qilishga ham tayyor.
Oraga sovuqchilik tushishining sababi nimada? Viktor Yanukovich prezidentlikka saylanayotganida “Rossiyaning odami” deb ko’rilmaganmidi?
“Hamma gap - biz Rossiya boshliq boj ittifoqiga qo’shilishni istamayotganimizda”, -deydi Ukraina hukumati so’zlovchisi Oleg Voloshin.
“Rossiya bilan do’stlik, ittifoqchilik tarafdorimiz, lekin Yevropa Ittifoqiga kirishga ahd qilganmiz”, - deydi rasmiy.
O’tgan bir yildan beri Kreml Kiyevga boj ittifoqiga a’zolik imtiyozlari haqida bot-bot gapirib keladi. Uyushmaga Belarus va Qozog’iston ham a’zo. Rossiyaning Gazprom kompaniyasi hatto gaz narxini 8 milliard dollarga kamaytirishga va’da berdi. Prezident Viktor Yanukovich rozi emas.
Tadqiqotchi Viktor Chumak qayd etadiki, Ukraina aholisining 70 foizi Yevropa Ittifoqiga qo’shilish istagida. Ommaviy so’rovlar buni qayta-qayta tasdiqlagan.
“Hukumat va muxolifat faqat bir narsada kelisha olmayapti – bu mushtarak maqsadga qanday erishish borasida”, - deydi Chumak.
O’tgan oy Ukraina mustaqillik bayramida qilgan nutqida, prezident Viktor Yanukovich Yevropa Ittifoqiga qo’shilish uchun 10 yillik muhlat belgiladi. Zarur hujjatlarni shu yil dekabrgacha imzolashga umid bog’langan.
“Ukraina kelajagini Yevropa bilan ko’radi. Bunga erishadi ham”, - deydi hukumat so’zlovchisi Oleg Voloshin.
Ushbu bayonotlar fonida Moskva-Kiyev aloqalari taranglashgani bejiz emas. Rossiya gazini bevosita Germaniyaga eltuvchi “Shimoliy Oqim” quvuri o’tgan hafta ishga tushdi. 1200-kilometrli loyiha Ukraina singari tranzit davlatlarni chetlab o’tadi.
Marosimda qatnashgan Bosh vazir Vladimir Putin, “bundan buyon tranzit mamlakatlar bizga amrini o’tkaza olmaydi”, deya ta’kidladi.
Putinning taklifi shuki, Ukraina Rossiyadan arzon gaz sotib olmoqchi bo’lsa, Naftogaz davlat kompaniyasini Gazpromga sotishi kerak.
Alyona Getmanchuk, Kiyev Xalqaro Siyosat instituti direktori so’zlariga ko’ra, bunday ultimatum Kiyevga mutlaqo to’g’ri kelmaydi. “Kreml bu bilan Ukrainani o’z ta’sir doirasida saqlamoqchi ekani ayon”, - deydi u.
Ekspertning tushuntirishicha, Gazprom o’z mahsuloti bahosini dunyo bozoridagi neft narxiga bog’lab qo’ygani sabab mijozlar, ya’ni Yevropa mamlakatlari gazni qimmatga sotib olishga majbur. Ularning talabi shuki, neft va gaz bahosi alohida, talab va taklifga qarab belgilansin.
“Milliardlab dollar daromad ustida gap ketganda, yana bir “gaz mojarosi” kelib chiqsa ajabmas”, - deydi ukrain tahlilchi.
2009-yilning yanvarida Rossiya Ukrainaga ta’minotni uzib qo’yishi natijasida Yevropaning o’nlab davlati gazsiz qolgan edi.