Breaking News

Rossiya neft va gazdan pul qilib charchadi: Nobel laureatlarini yetishtirmoqchi


Pyotr Birinchi, Iosif Stalin, endi esa prezident Dmitriy Medvedev… bu arboblar bir jihati bilan o’xshaydi – ular Rossiyani zamonaviy qilaman degan g’oya bilan yonib yashaydi.

O’tgan yili Medvedev “Rossiya, olg’a!” shiori ostida yangi strategiya e’lon qilgan. Unda texnologiya va kashfiyotdan keng foydalanish haqida so’z boradi. Xususan, Amerikaning Silikon vodiysi kabi ilg’or markaz barpo etish ko’zda tutilgan. Biroq loyiha muvaffaqiyatli bo’lishiga ishonch past.

Dmitriy Medvedev yozda AQShda bo’lganida Kaliforniya shtatiga tashrif buyurib, Silikon vodiysini ko’zdan kechirgan. Gubernator Arnold Shvarsennegger bilan uchrashib, biznes istiqbollari haqida gaplashgan.

Rossiya ham Silikon vodiysiga o’xshash maskan barpo etish niyatida. U Skolkovo deb ataladi.

“Markaz mamlakatimizda innovatsion sistemalarni yaratishga xizmat qiladi. Loyiha boshidan raqobatga asoslanishi global miqyosda bo’lishi kerak. Oldingi ishlarimizdan keskin farq qilishi lozim”, - deydi Medvedev.

Skolkovo 370 gektar maydonda, Moskvadan 20 kilometr narida quriladi. Loyiha uchun kelasi 3 yilda 5 milliard dollardan ziyod pul ajratish ko’zlangan.

Markaz energetika, axborot texnologiyalari, kommunikatsiya, bio-tibbiy izlanish va yadro texnologiyasiga doir kompaniyalarni jamlaydigan joy bo’ladi.

Loyihaga hozirdan Simens, Microsoft, Google, Nokia va Intel kabi kompaniyalar qiziqish bildirmoqda. Medvedevning Kaliforniyaga tashrifi chog’ida Cisco Systems kompaniyasi Skolkovoda ishlash niyatini bildirib, 1 milliard dollar sarmoya va’da qilgan.

Neft va alyuminiy bilan ish qiluvchi milliarder Viktor Vekselberg Skolkovoga rahbar etib tayinlangan. U mahalliy kompaniyalar ham markaz ishida faol ishtirok etadi degan umidda.

“U yerda ishlashni xohlagan kompaniyalardan 10 yil davomida kam soliq olinadi yoki umuman olinmaydi”, - deydi Vekselberg. “Yer va ko’chmas mulk yoki nafaqa to’lovlariga ham soliq solinmaydi”.

Imtiyozlar nafaqat yangi kompaniyalar, balki amaldagi fan va tadqiqot markazlari diqqatini ham o’ziga tortishi mumkin.

Rossiya daromadining asosiy qismi neft va gaz savdosidan tushadi. Moskvadagi Karnegi jamg’armasi tahlilchisi Nikolay Petrovning aytishicha, Kreml Skolkovo qurilishi bilan daromad manbalarini kengaytirmoqchi.

“Tabiiy resurslarga tayangan iqtisodiy taraqqiyot modelining umri tugab, yangi modelga ehtiyoj paydo bo’ldi”, - deydi Petrov.

Skolkovo yaxshi hayot va ish ilinjida Sovet Ittifoqi qulaganidan so’ng chetga chiqib ketgan yuz minglab iste’dodli rossiyaliklar – yuqori texnologiya mutaxassislari, olimlar, tadbirkorlarning qaytishiga turtki bo’lishi mumkin. Biroq Petrov nazarida muammoni bitta loyiha bilan hal etib bo’lmaydi.

“Qishloq xo’jaligidan bir misol: yangi o’simlik o’stirmoqchi bo’lsangiz, atrof-muhit unga to’g’ri kelishi kerak. Aks holda nobud bo’ladi. Mamlakatni tark etgan rossiyaliklarni qaytarish mumkin albatta, ammo faqat sayyoh sifatida. Doimiy qolishi uchun sharoit ko’ngli o’rgangan joydagiday bo’lishi lozim”, - deydi mutaxassis.

Yaqinda Rossiyada o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijasiga ko’ra, aholining aksariyati mamlakatni zamonaviylashtirish uchun texnologiyaga emas, korrupsiya va qog’ozbozlikni tugatishga urg’u berish kerak, degan fikrda.

Skolkovo qurilishi kelasi yil boshlanib, uch yilda bitkazilishi mo’ljallangan.

XS
SM
MD
LG