Breaking News

Amerika kompaniyalari Kongressdan ko’proq neft qazishga ruxsat so’rayapti


Amerika kompaniyalari Kongressdan ko’proq neft qazishga ruxsat so’rayapti
Amerika kompaniyalari Kongressdan ko’proq neft qazishga ruxsat so’rayapti

Amerika neft kompaniyalari yangi Kongressga bir taklif bilan chiqmoqda: dengizda istagancha neft qazishga ruxsat bering, biza esa odamlarni ish bilan ta’minlaymiz.

O’tgan yili Meksika bo’g’ozida halokat tufayli bugun katta hududlar biznes uchun yopiq. Vaholanki, neftga talab oshib bormoqda.

Sanoat egalarining aytishicha, ehtiyojni qondirish uchun Amerika xorijiy manbalarga tayanib qolmoqda.

Iste’molni kamaytiraylik, energiyani tejaylik degan gaplarni bugun ko’p eshitamiz. Lekin Amerika Neft Institutiga ko’ra, qoramoyga talab aslo kamayayotgani yo’q.

Jak Jerard neft sanoati manfaatini himoya qiluvchi bu tashkilot rahbari. Yechim, deydi u, dengizdan ko’proq mahsulot qazib olishda. Bu minglab ish o’rinlari ham yaratadi.

“Kelasi 4-5 yil ichida, bizga imkon berishsa, Amerika iqtisodiyotini jonlantirib yuboramiz. Krizisni yengishda ko’maklashamiz. Neft sanoatida ish talay, yaxshigina maosh ham to’laymiz. Hukumatdagilar bizga “ishni boshlang” deyishsa bo’lgani”, - deydi Jerard.

Dengizdagi bepoyon hududlarni biznes uchun ochib, yarim million kishini ish bilan ta’minlash mumkin, deydi Jerard. Hukumat karmoniga ham 150 milliard dollar tushadi.

Talab shuki, Kongress Meksika ko’rfazi va Alyaskada joriy etilgan cheklovlarni olib tashlasin, neft kompaniyalariga bu yerlarda ishlashga ruxsat bersin. Biroq ayrim olimlar nazarida sanoat olg’a surayotgan va’da va raqamlar puch.

“Dengizdagi quduqlarni ko’paytirish o’rniga, neftga tobelikni kamaytirish haqida o’ylaylik. Ham tez, ham arzon, ham toza strategiya bu”, - deydi Den Vays, iqlimshunos olim.

Ertangi kun texnologiyalariga qiziqish kuchli. Quyosh va shamoldan energiya olish loyihalariga milliardlab dollar pul tikilgan. Lekin Amerika hali-beri neftga tobelikdan qutula olmaydi.

Xitoy kabi iqtisodiyoti tezlikda o’sayotgan davlatlar qo’l qovushtirib o’tirgani yo’q, deydi Neft Instituti rahbari. Amerika tobora ko’proq ish o’rinlarini chet elga boy bermoqda.

“Mahsulotni o’zimizda ishlab chiqargan ma’qulmi yoki chetda? Amerika kompaniyalariga imkoniyat bermasangiz, ular albatta xorijga ko’chadi. O’sha yerdan turib biznes qiladi”, - deydi Jak Jerard.

Den Vays kabi tahlilchilar ta’biricha bu gaplar quruq vahima. Neft sanoatida shuncha kapital bor ekan, arziguli loyihalar talay, deydi u.

“Bu kompaniyalar Amerikaning o’zida ish o’rinlari yaratmoqchi bo’lsa, marhamat, yashil sohalar sarmoyaga muntazir. Bir million dollar tiksangiz, to’rt karra ko’proq odamni ish bilan ta’minlaysiz”.

Yangi yildan AQSh Kongressida respublikachilar hukmron. Bu partiya azaldan biznes ahli bilan apoq-chapoq. Buning ustiga yonilg’i oltin qimmatlab borar ekan, qora oltin ishlab chiqarishni oshirish kerak deb chiqayotganlar ko’p.

XS
SM
MD
LG