Xitoy prezidenti Xu Tzintao AQShga safarini boshlar ekan, maqsad – dunyo iqtisodiyotini tirab turgan bu ikki davlat aloqalarini yaxshilash. Ziddiyat emas, hamkorlik izlab keldim, deydi Xitoy rahbari.
Xu Tzintao bugun kechga yaqin Oq Uyda bo’lishi kutilmoqda. Prezident Barak Obama bilan muzokaralar ertaga rejalangan.
Tashrif davomida Xitoy prezidenti AQShdagi eng katta shaharlardan biri Chikagoda bo’lib, biznes ahli bilan uchrashadi. Xitoy prezidenti AQShga oxirgi bor 1997-yilda kelgan.
Kecha Xitoy tadbirkorlari Texas shtatida Amerika kompaniyalari bilan 600 million dollarlik bitimlar imzolagan.
Lekin AQSh bilan savdo bobida Xitoy eksporti bir necha bor o’sib, yillik daromad 200 milliard dollardan oshmoqda. Bu esa Vashingtondagi muzokara chog’ida ko’tariladigan qaltis mavzulardan.
Kecha demokrat qonunchilar Xitoyga bosimni oshirishga doir qonun loyihasini olg’a surgan, toki rasmiy Pekin valyuta nazoratini bo’shatsin. Aks holda Xitoy yuqori tariflar bilan jazolanadi.
Rasmiy Pekin nazarida esa AQSh savdo kamomadida yolg’iz Xitoyni ayblash adolatdan emas.
Xu Tzintao safari davomida Shimoliy va Janubiy Koreya o’rtasidagi ziddiyat, AQShning Tayvan bilan qurol savdosi ham muhokama qilinadi. Tashrifi oldidan AQSh matbuotiga intervyu bergan Xitoy rahbari inson huquqlari mavzusini chetlab o’tgan. Lekin Obama bilan muloqotda bu masala tilga olinishi aniq.
Xitoy iqtisodiy va harbiy salohiyatini oshirar ekan, ikki davlat ziddiyatga berilmaslikni ma’qul ko’rmoqda.
Prezident Xu nazarida Sovuq urush davriga xos xatti-harakatdan, ya’ni “sen yutsang, men yutqazaman” qabilida ish tutishdan voz kechish lozim.
Xitoy va Qo’shma Shtatlar hamkorlikdan foyda ko’rib, ziddiyatdan har ikki tomon birday mag’lub bo’ladi, deydi Xu Tzintao.
Xitoy rasmiylarining bu tashrifdan umidi katta. Bir-birimizning xohish-istaklarimizni hurmat qilaylik, deydi ular.
Xu Tzintao safari oldidan kecha Tayvan 17 ta raketani sinovdan o’tkazgan. Orol davlat Pekin bilan murosa qilish tarafdori, lekin bu sinov siyosiy bayonot sifatida ko’rilmoqda.
Yaqinda Tayvan hukumati AQShdan F-16 rusumli qiruvchi samolyotlarni xarid qilish rejasini e’lon qilgan.
O’z navbatida Xitoy o’tgan hafta zamonaviy, yangi avlod qiruvchi samolyotlarini sinagan edi. Xitoy Tayvanni o’z hududi deb biladi.