Breaking News

Xitoy prezidenti Xu Tzintao Vashingtonda


Xitoy prezidenti Xu Tzintao Vashingtonda
Xitoy prezidenti Xu Tzintao Vashingtonda

Xitoy prezidenti Xu Tzintao bugun Vashingtonga keldi. Uni vitse-prezident Jo Bayden qarshi oldi. Ikki kunlik tashrifi chog’ida prezident Barak Obama bilan alohida gaplashishi kutilmoqda.

Bu Xitoy rahbarining AQShga so’nggi 13 yilda ilk safari.

Bugun Oq Uyda kechki ovqat paytida mehmon Davlat kotibasi Xillari Klinton, Milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchi Tom Donilon va Xitoy bo’yicha mutaxassislar bilan ko’rishadi.

Chorshanba kuni tongda rasmiy marosimdan so’ng ikki prezident dastlab yuzma-yuz, so’ng kengroq doirada muzokara qiladi.

Har ikki davlat hamkorlik zaruratiga urg’u bermoqda. Oq Uy so’zlovchisi Robert Gibbs ta’rificha, AQSh va Xitoy sherik, biroq raqibdir ham.

Prezidentlar Xu va Obama asosan iqtisodiy masalalarni muhokama qiladi. Xitoy va Qo’shma Shtatlar iqtisodiyot bobida dunyoda eng yirik ikki mamlakat. Gibbsning aytishicha, AQSh bu yil Xitoyga qiymati 100 milliard dollarlik mahsulot va xizmat sotishi kutilmoqda.

Lekin Amerika savdo kamomadi juda katta, Xitoyning xizmati ham bor bunda.

Ba’zi senatorlar rasmiy Pekinga qarshi yuqori tariflarni ishga solishni taklif qilmoqda. Ya’ni AQShga kirayotgan mahsulotga, deylik, boj to’lovlarini oshirishni.

Bundan tashqari, Xitoy valyutasi qiymati sun’iy ravishda past ko’rsatkichda ushlab kelinadi. Bu ham savdo kamomadiga hissa qo’shmoqda. Agar kelasi uch yilda yuan qiymati 20 foizga o’sadigan bo’lsa, Amerika savdo defitsiti keskin tushadi, deya taxmin qiladi iqtisodchilar.

Gibbsning aytishicha, Xitoy milliy valyuta – yuan nazoratini sekin-asta yumshatmoqda. Lekin Obama ma’muriyati nazarida bu choralar o’ta sust. Rasmiy Pekin jadalroq harakat qilishi mumkin, deydi Robert Gibbs.

Tahlilchi Stiven Danevey fikricha, Obama ma’muriyati valyuta bobida qat’iyroq turayapti.

“Konvertatsiya, valyuta kursi masalasida AQShning sabr-kosasi to’lib bormoqda”, - deydi u.

Inson huquqlari muammosi ham Obama va Xu Tzintao muloqoti paytida tilga olinadi.

Xitoylik faol, Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori Li Syaobao hozir qamoqda. Obama ma’muriyati huquq himoyachisi, uzoq yillar adabiyotdan dars bergan professor Syaobaoni ozod qilishga undab keladi.

Prezidentlar shu paytgacha yetti bor uchrashgan bo’lsa, Qo’shma Shtatlar har safar huquq masalasini ko’targan, deydi Gibbs.

Chorshanba kuni Oq Uy oldida xitoylik va amerikalik huquq faollari namoyish qiladigan.

Ayrimlar nazarida prezident Xuni Oq Uyda qabul qilib, shohona dasturxon yozish bilan AQSh Xitoyda huquq poymol etilayotganiga ko’z yumayotganday.

Robert Gibbs izohicha, bu taklif orqali AQSh Osiyo regioni o’sib borayotgani, iqtisodiyoti kuchga to’lib borayotganini tan olmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG