Xitoy iqtisodchilari taxminicha, bu yil milliy valyuta – yuan qiymati besh foizga oshadi.
Xitoy mahsuloti bilan raqobat qilayotgan davlatlar uchun bu yaxshi xabar. Vashington va Pekin yuan bahosi ustida qattiq tortishib keladi.
AQSh da’vosi shuki, Xitoy yuanni sun’iy ravishda kontrol qiladi, natijada mahsuloti hamisha arzon. Oq Uy bosimi ostida Xitoy nazoratni sekin-asta yumshata boshlagan, qarabsizki, yuan bahosi oshmoqda.
Xitoyga gaz va neft sotib, o’zi mol import qilayotgan Markaziy Osiyo, jumladan, O’zbekistonga buning qanday ta’siri bor?
Markaziy Osiyo davlatlarini Xitoy bilan eksport-import bog’lab turadi
Pekin mintaqaning tabiiy zaxiralariga, xususan, neft, gaz, minerallarga tashna. Markaziy Osiyo esa Xitoydan tovarlar xarid qiladi, mo’l sarmoya oladi.
Jahon Banki mutaxassisi Kazi Matinning aytishicha, yuan qiymati o’zgarsa, mintaqa buning ta’sirini sezishi tabiiy.
“O’zbekiston chetga xomashyo, mineral moddalar sotadi va mahsulot dollarda baholanadi”, - deydi u.
Dollar qiymati AQSh iqtisodiyoti, byudjet kamomadi, ishlab chiqarish va bizneslar ravnaqiga bog’liq. Xitoyning valyuta siyosati, ya’ni yuan bahosi past va Xitoy moli hamisha arzon ekani AQSh ishlab chiqaruvchilariga pand bermoqda.
“Natijada dollar zaif. Chetga dollarda gaz va mineral sotayotgan O’zbekiston karmoniga ham bu ziyon”, - deya tushuntiradi Kazi Matin.
"Amerikadagidek emas endi. Xitoy O'zbekistonga u qadar ko'p mahsulot eksport qilmaydi"
Abror Shokirov O’zbekistonga Xitoydan mol, bir marta qo’llanadigan, plastmassa idishlar olib keladi. “Yuan qimmatlasa, O’zbekistonga qaysidir ma’noda ta’siri bo’ladi”, - deydi u.
“Hozir bir dollarning qiymati 6,75 yuan bilan barobar. Ikki yil oldin bu raqam 7,62 edi. Ya’ni 1 yuanga ko’tarilgan. Buning oqibatida tovarlar qimmatlashmoqda. Aavval bir dollarga 10 ta mahsulot olish mumkin edi. Hozir sakkiz mahsulot. Bizga ham ta’siri bor. Endi Amerikadagidek bo’lmasa ham. Chunki O’zbekiston bozorida Xitoy importi u qadar katta emas”, - deydi tadbirkor.
Ayrim tahlilchilar izohiga ko’ra, Xitoy hukumati uchun milliy valyuta Qo’shma Shtatlarga qarshi diplomatik vositadir. AQShni gapga ko’ndirish, bosim o’tkazish uchun quroldir. Biroq Kazi Matin bu fikrga qo’shilmaydi.
“Har bir davlatning valyuta siyosati avvalo ichki iqtisodiy vaziyat, manfaatlarga bog’liq. Xitoy uchun eng muhimi hozir iqtisodiyotning jadal o’sib borayotganidir. Uning oldida turgan asosiy vazifa hozir inflyatsiya – pul qadrsizlanishining oldini olish. Qolgani ikkilamchi masala”.
Yuan ustidan nazorat nega kerak?
Aholisi o’sib borayotgan Xitoyda yegulik, energiyaga ehtiyoj baland. O’rta sinf, o’ziga to’q oilalar qatlami kengayib bormoqda. Iste’mol, xarid qilish sur’ati ham oshib borayapti. Bu esa narx-navoni, demakki inflyatsiyani ko’taradi. Xitoy hukumati bunga yo’l qo’ymay keladi. Ya’ni milliy vayuta – yuan qiymati deyarli o’zgarmaydi.
“To’rt yil oldingi holatni aytib bersam, bir yuan bizning o’zbek so’miga 150 so’m edi. Hozirgi hisob-kitobga ko’ra, 380 so’mga aylanmoqda. Ya’ni, 230 foizga qimmat bo’lib ketmoqda. Xitoyda o’sha-o’sha narx. Dunyoda krizis paytida narxlar alg’ov-dalg’ov bo’lib ketgan bo’lsa, Xitoyda bu qiymat umuman o’zgarmadi. Oldin besh yuan bo’lgan narsa hali ham besh yuan. Lekin bizning so’mimizga nisbatan juda o’ynab ketdi”, - deydi Abror.
Yostiqning tagida yoki bankda nima saqlagan ma'qul - yuanmi yoki dollar?
Xitoy, Rossiya va Qozog’iston so’nggi paytlarda o'zaro rubl va yuanda savdo qilishga o’tgan. Kazi Matin qaysi valyutani sotib olish, bankda dollar, so’m yoki rubl saqlash o’zingizga havola deydi.
“Yuan yoki dollar eng ma’qul deyish noto’g’ri. Kimdir tilla olib qo’ysa, boshqalar ko’chmas mulk, mashina xarid qiladi. Odamning xohishiga bog’liq”, - deydi u.
Jahon Banki mutaxassisi nazarida Markaziy Osiyo Xitoyga yaqin ekani, deyarli qo’shni ekani muhim.
Avval iqtisod deng...
“Menimcha, region Xitoy, umuman, Rossiya, Sharqiy Osiyo bilan ishlashi kerak, agar taraqqiy etishni istasa. Neft, sanoat sohasi, qishloq xo’jaligi bo’ladimi, Xitoy va Rossiya boy imkoniyatlar bozori bo’lib qolaveradi”, - deydi tahlilchi.
Kazi Matin deydiki, eng muhimi – Xitoy tez sur’atlarda o’sib bormoqda. G’aznasi dollarga to’lib borayotgan bu davlat boy sarmoyachidir.
“Markaziy Osiyo bu hamkorlikdan mo’maygina daromad qilishi mumkin”.
Xitoy hozirning o’zida Markaziy Osiyoning bosh savdo hamkorlaridan. Yuan qadrsizlanib, Xitoy iqtisodiyoti o’sishdan to’xtasa, chetdan kamroq mahsulot, xomashyo sotib ola boshlaydi. Bundan esa mintaqa, jumladan O’zbekiston pand yeydi, deydi iqtisodchilar.