Janubiy Koreyada jahonning sanoatlashgan eng yirik 20 davlati ishtirokidagi iqtisodiy sammitga bir haftadan oz vaqt qolar ekan, Osiyo hukumatlari AQSh Markaziy bankining mahalliy iqtisodiyotni kuchaytirishga qaratilgan ayrim choralariga qarshi chiqmoqda.
Qo'shma Shtatlar Markaziy banki qo'shimcha pulni muomalaga chiqarmoqchi. Osiyo davlatlarining xavotir olishicha esa, bu dollarni qadrsizlantirib, milliy valyutalari narxini ko'tarishi hamda ko'chmas mulk va aksiyalarni qimmatlashtirishi mumkin.
Ba'zi iqtisodchilar nazarida AQSh bu chorasi bilan og'ir kunlarni boshdan kechirayotgan iqtisodiyotini tiklay olmaydi.
Buni prezident Obamaning bosh iqtisodiy maslahatchisi Pol Volker ham tan olmoqda.
"Qo'shimcha pul chiqarishdan maqsad iqtisodiyotga yordam berish, albatta. Biroq bu yordamdan ko'p naf bo'ladi, deb o'ylamayman. Ammo bir oz dalda bo'ladi, degan umiddaman. Osiyoda esa bu chora jiddiy o'zgarishlarga olib kelmaydi", - deydi AQSh Markaziy bankining sobiq raisi.
Seuldagi sammitda Katta Yigirmalikka a'zo davlatlar global iqtisodiy krizisdan chiqish, xalqaro moliya va savdoda muvozanatni tiklash yo'llarini muhokama qiladi.
Biroq bu masala qolib, Osiyo davlatlari AQSh chorasiga qarshi kurashga diqqatni qaratishi mumkin. Xitoy ham Vashington harakatlaridan norozi.
Rasmiy Pekin nazarida dollar chiqaruvchi mamlakat sifatida Qo'shma Shtatlar mas'uliyatliroq bo'lishi lozim.
AQSh qo'shimcha dollarni muomalaga qo'ymoqchi, Osiyo davlatlari bundan norozi
- Amerika Ovozi
AQSh nazarida qo'shimcha pul oqsayotgan iqtisodiyotga malham bo'ladi, Osiyo mamlakatlari nazarida esa bu qit'ada narxlarning ko'tarilishiga olib keladi.