AQSh hukumati Xitoyni inson huquqlarini poymol qilayotganlikda tanqid qilar ekan, rasmiy Pekin o’zaro hurmat va tenglik asosida gaplashish kerak, deya eslatadi. Tomonlar Vashingtonda keng qamrovli muzokara qilmoqda.
Qo’shma Shtatlar Xitoyda inson huquqlari himoyachilari va faollar g’oyib bo’layotganini xavotir bilan tilga oladi.
“Inson qadriga yetgan jamiyatgina taraqqiy etadi. Yaqin Sharqdagi qo’zg’olonlar hammaga o’git bo’lishi kerak”, - deydi Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton.
Rasmiy Pekin izohicha, ikki davlat huquq haqida turlicha fikrda.
“Hech bir davlat mukammal emas”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibasi Jian Yu. “Huquq bobida hammani bir qolipda ko’rish to’g’ri emas”, - deydi u.
Jian Yuning aytishicha, Xitoy AQSh bilan muzokarani qo’llab-quvvatlaydi.
“Yaqinda Pekinda huquq masalasida o’tgan o’zaro muloqot buning isboti”, - deydi Xitoy rasmiysi.
Ammo bu mamlakatda advokat, rassom, yozuvchi va faollarni qamash avjida ekan, internet har zamonda o’chib, saytlar senzura va taqiq ostida. Tahlilchilar nazarida hukumat Yaqin Sharqdagi kabi namoyishlarning oldini olmoqda.
Xususan, o’tgan oy taniqli rassom va faol Ay Veyvey to’satdan g’oyib bo’lgan.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Jian Yu “uni qidirayapmiz, tergov ketmoqda” deydi.
“Mazkur ish yuzasidan ortiqcha asossiz bayonotlarga hojat yo’q”, - deydi matbuot kotibi. “Qonun oldida hamma barobar, hatto xorij suygan shaxslar ham”, - deya izohlaydi rasmiy.
Xitoy hukumati bahosicha, AQSh qarashi yuzaki va tanqidlari puch. “Amerika yosh davlat, biz esa qadim sivilizatsiyamiz. Bizda qo’zg’olon kutmang”, - deydi rasmiylar.
Vashingtondagi ikki kunlik yig’inda iqtisodiy mummolar ham muhokamada. Obama ma’muriyati Xitoydan bozorda erkin raqobatga yo’l berishni so’ramoqda.
Hozirda Xitoy mahsuloti arzon ekan, bu davlat daromadi ham yuqori. Aprel oyining o’zida savdo daromadi 11 milliard dollarni tashkil etgan, ya’ni kutilganidan to’rt karra ko’proq. Bu hukumat nazorati, milliy valyuta yuan qiymatining sun’iy ravishda past ushlab kelinayotgani mahsulidir. Biroq moli qimmatroq boshqa davlatlar, jumladan, Qo’shma Shtatlar bundan zarar ko’rib keladi.
Xitoyning maqsadi Amerika bozoriga, Qo’shma Shtatlar niyati esa Xitoy bozoriga erkinroq kirib borish, chet el mollariga qo’yilgan cheklovni bekor qilish.
So’nggi paytlarda yuan asta-sekin erkin qo’yilmoqda. Qiymati oshib, rekord ko’rsatkichga yetgan – bir dollar hozir 6,5 yuanga teng.
Xitoy va AQSh Afg’oniston va iqlim o’zgarishi masalasida ham gaplashmoqda. Dunyoning eng yirik bu davlatlari, iqtisodiy hamkorlar kelishib ishlaganidan butun dunyo foyda ko’radi, deydi rasmiylar.