Breaking News

AQSh Senati Xitoyni moliyaviy qalloblikda ayblab, uni jazolamoqchi


AQSh Senati Xitoyni moliyaviy qalloblikda ayblab, uni jazolamoqchi
AQSh Senati Xitoyni moliyaviy qalloblikda ayblab, uni jazolamoqchi

Amerikaning Xitoy bilan iqtisodiy munosabatlari nafaqat keng qamrovli, balki ziddiyatlarga boy hamdir.

Shu hafta AQSh Senatida Xitoyni milliy valyutasi - yuan qiymatini past ushlab kelgani uchun jazolovchi chora muhokamada bo'ladi.

Qonunchilar nazarida bu Xitoyga o'z mahsulotlari narxini arzon qilib, raqobatchilari oldida ustunligini ta'minlashga imkon beradi.

Qo'shma Shtatlar Xitoy siyosatidan anchadan beri noliydi. Rasmiylarning aytishicha, yuan qiymati eksportni oshirish siyosati doirasida ataylab past ushlab turilibdi.

AQSh Moliya vaziri Timoti Geytnerning aytishicha, bu adolatsiz siyosat bo'lib, Amerika ishlab chiqaruvchilari manfaatlariga ziyondir.

Senatda ko'rib chiqilayotgan qonun loyihasini demokratlar ham, respublikachilar ham birday qo'llab-quvvatlayapti. Unga ko'ra, valyuta kursiga sun'iy ravishda ta'sir qilish xorijiy subsidiyaga tenglashtiriladi. Bu esa AQShga kirayotgan Xitoy mollariga tarif qo'yiladi deganidir.

Qonun loyihasi muallifi, Nyu-York shtatidan saylangan demokrat senator Charlz Shumerning aytishicha, Xitoy o'z sanoatini xalqaro normalarga zid holda moliyalamoqda.

"Ishchilarga yetarlicha maosh to'lanmaydi, atrof-muhit muhofazasi qo'l uchida yuritiladi, global savdo asoslarini tashkil etuvchi qoidalarni muntazam ravishda buzib keladi. Bunday iqtisodiy qotillik uchun ularni jazolash kerak", - deydi senator.

Shumerning aytishicha, Xitoyning bunday siyosati natijasida AQShda so'nggi 10 yilda ikki million odam ishidan ayrildi.

Qonun loyihasini muxolif respublikachilar ham qo'llab-quvvatlamoqda. Alabamalik senator Jeff Seshns o'z manfaatlarimizni himoya qiladigan vaqt keldi, deydi.

"Amerika og'ir iqtisodiy kunlarni boshdan kechirayotgan bir paytda savdo hamkorlarimizga tarozining pallasini ular tomon og'dirishga yo'l qo'ymaslik kerak. Hukumatimiz amerikalik ishchilar manfaatlarini himoya qilishi lozim", - deydi qonunchi.

Xitoy raqobatiga dosh bermayotgan AQShdagi ayrim kompaniyalar qonun loyihasini olqishlamoqda. Ammo turli sohalardagi sanoatlar manfaatlarini himoya qiluvchi 50 ka yaqin savdo guruhi Xitoy bunday qonunga javoban keskinroq chora ko'rishi mumkin, deya Senat rahbariyatini bu rejadan qaytishga chaqirmoqda.

Savdo bo'yicha mutaxassis Den Aykensonning aytishicha, AQSh bir tomonlama chora ko'rsa, Xitoyga eksport umuman pasayib ketishi va undanda ko'p amerikalik ishidan ayrilishi mumkin.

Aykenson deydiki, Jahon Savdo Tashkiloti valyuta kursini nazorat etish amaliyotini AQSh kabi subsidiya deb tan olmasligi mumkin. Bu qonun loyihasi shundan dalolatki, ayrim qonunchilar o'zaro bog'liq global iqtisodiyotda savdo asoslari qanday bo'lishini bilmaydi, deydi mutaxassis.

"Oldin savdoda bir davlat boshqa davlat mahsulotlari bilan raqobat qilar edi. Ammo globalizatsiya davrida, masalan, Xitoy mahsulotini tayyorlashda bir necha davlatning hissasi bor. Ehtiyot qismlari bir joyda chiqarilgan, mahsulot esa Xitoyda terilgan. Demak, valyuta kursiga ko'p omil ta'sir qiladi", - deydi Aykenson.

Xitoy, deydi u, AQSh mahsulotlari uchun katta bozordir va unga qarshi chora ko'rish o'ziga chox qazish bilan barobardir. Bu haqda Moliya vaziri Geytner ham o'tgan yili Kongressdagi tinglovda so'zlagan edi.

"Xitoyda talab oshib, AQShdan tobora ko'proq mahsulot import qilmoqda. Natijada tushumga qaraganda chiqimi ko'paygan. AQShning Xitoyga eksporti boshqa davlatlarga qaraganda tezroq tiklandi".

Barak Obama ma'muriyati Xitoy valyutasining kursi sun'iy ravishda tushirilgan deb kelishiga qaramay Senat taklif etayotgan qonun loyihasiga hozircha ijobiy munosabat bildirmagan. Xitoy rasmiylari masalaga siyosiy tus bermaslikka chaqirib, 2005-yildan beri yuan qiymati asta-sekin ko'tarilganini ta'kidlaydi.

Ammo jarayon sur'ati Amerika qonunchilarini qoniqtirmayotgan ko'rinadi. Ular kelasi yilga belgilangan saylovlarni nazarda tutgan holda kezi kelganda iqtisodiy muammolar uchun aybni Amerikaning iqtisodiy raqobatchilariga to'nkashi mumkin.

Qonun loyihasi Senatda tasdiqlangani bilan Vakillar Palatasining unga munosabati hozircha mavhum. Bu esa hujjat hali-beri kuchga kirmaydi deya ishonishga asos beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG