Breaking News

Amerika, Xitoy bosh harbiylari Pekinda gaplashdi


AQSh admirali Mayk Mullen va Xitoy generali Chen Bingde muzokara qilib, davlatlararo aloqani yaxshilamoqchi
AQSh admirali Mayk Mullen va Xitoy generali Chen Bingde muzokara qilib, davlatlararo aloqani yaxshilamoqchi

Amerika va Xitoy harbiylari Pekinda uchrashib, Tinch okeani mintaqasida munozarali Janubiy Xitoy dengizi, Tayvan, kiberxavfsizlik va Xitoy harbiy qudrati masalasida samimiy gaplashib olgan.

AQSh admirali Mayk Mullen va Xitoy generali Chen Bingde muzokara qilib, davlatlararo aloqani yaxshilamoqchi.

Amerika-Tayvan qurol savdosi, mintaqada bahsga sabab Janubiy Xitoy dengizi oraga sovuqlik olib kirgani sir emas.

Biroq Pekindagi matbuot anjumanida yangragan bayonotdan aniqki, tomonlar bir to’xtamga kela olmayapti. General Chen regionda AQSh va ittifoqchi davlatlar yaqinda o’tkazgan qo’shma harbiy mashqlarni tanqid qildi.

“Qo’shma Shtatlar neft va gazga boy Janubiy Xitoy dengizini taqsimlash masalasiga aralashmaymiz, deb keladi. Biroq Vyetnam va Filippin bilan harbiy mashg’ulotlar o’tkazib, buning teskarisini namoyish etdi”, - deydi Xitoy generali.

“Amerika bu kabi mashqlarni avval ham tashkil qilgani haqiqat, biroq hozir buning mavridi emas”, - deydi Chen.

Uning aytishicha, Amerikaning josus samolyotlari Xitoy chegarasidan 25 kilometr narida parvoz qilmoqda. “O’zga davlat xalqiga izzat ko’rsating”, - deya talab qildi u.

Admiral Mayk Mullen Qo’shma Shtatlar mintaqadagi ittifoqchilari bilan harbiy mashg’ulotlarni davom ettiradi, deya javob qildi.

“Osiyo va Tinch Okeani mintaqasi bilan bir necha yillardan beri hamkorlik qilib kelamiz va do’stlardan yuz o’girmoqchi emasmiz. Xalqaro qoidalarga muvofiq, razvedka maqsadida parvozlarga haqlimiz”, - deydi admiral.

To’rt kunlik safari davomida Mayk Mullen Pekin tevaragidagi harbiy bazalarda bo’ladi. Tomonlar Shimoliy Koreya yadro dasturiga doir, boshi berk ko’chaga kirib qolgan muzokarani jonlantirish xususida ham gaplashadi.

Xitoy, Filippin, Vyetnam, Malayziya, Bruney va Tayvan Janubiy Xitoy dengiziga, xususan, energiyaga boy Parasel va Stratli orollariga da’vogar. Mintaqada eng yirik va kuchli Xitoy katta hududni o’zini deb deb, raqiblariga qarshi kuch ishlatishga ham tayyor.

Vyetnam va Filippin rasmiylarining da’vo qilishicha, Xitoy agressiya va provokatsiyaga berilib, dengizda tadqiqot ishlari, baliqchilarning ishiga to’sqinlik qilishga o’tgan.

O’tgan hafta Xitoyda bo’lib qaytgan Filippin Tashqi ishlar vaziri Albert del Rozario masalani dengizdagi munozaralarni hal qilish bilan shug’ullanuvchi xalqaro sudga oshiramiz, demoqda.

“Ziddiyatni tinch yo’l bilan hal qilishni xohlaymiz. Xitoyga BMT tribunaliga murojaat qilishni, bahsni xalqaro qonunlar asosida hal qilishni taklif qildik. Lekin rasmiy Pekindan javob yo’q”, - deydi del Rozario.

Xitoy esa tortishuvni xalqaro maydonda emas, o’zaro hal qilmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG