Breaking News

Amerika va Xitoy orasida so'z o'yini avjiida, bu gal Janubi-sharqiy Osiyo xususida


Janubiy Xitoy dengizida qariyb 250 kattayu-kichik orollar bor. Ularga dengiz atrofidagi bir necha davlat da'vogarlik qiladi. Xitoy Amerikani bu mintaqaviy tortishuvga aralashayotganlikda ayblamoqda.
Janubiy Xitoy dengizida qariyb 250 kattayu-kichik orollar bor. Ularga dengiz atrofidagi bir necha davlat da'vogarlik qiladi. Xitoy Amerikani bu mintaqaviy tortishuvga aralashayotganlikda ayblamoqda.

Qo’shma Shtatlar Janubiy Xitoy dengizida azaldan davom etayotgan hududiy tortishuvlarni hal qilishda vositachilik taklif etar ekan, rasmiy Pekin Vashingtonni mintaqa ishlariga aralashayotganlikda ayblayapti.

Janubiy Xitoy dengizi, 3,5 million kvadrat kilometr maydonda joylashgan kattayu-kichik orollarga Osiyoning bir necha mamlakati da’vogarlik qiladi. Lekin bu, Xitoy nazarida, AQShga daxlsiz masala.

Davlat kotibasi Xillari Klintonning Vietnamda, Osiyo davlatlari sammitida qilgan bayonoti ketidan AQSh va Xitoy o’rtasida yana so’z urushi avjida.

Klinton Qo’shma Shtatlar Janubiy Xitoy dengizidagi hududiy tortishuvlar tinch yo’l bilan, konsultatsiya-muzokara orqali hal bo’lishidan manfaatdor ekanini aytgan.

“Bu qo’shma diplomatik tashabbus bo’lishi kerak”, deydi u.

Dengizdagi yuzlab orollarning ayrimlari neft va gaz zaxiralariga boy. Ularga Xitoy qatorida uning kichikroq qo’shnilari - Bruney, Malayziya, Filippin, Tayvan va Vietnam da’vogarlik qiladi. Hududga egaligini namoyish etish uchun ayrim davlatlar bu yerda turizmni rivojlantirishga bel bog’lagan.

Xillari Klintonning ta’kidlashicha, Qo’shma Shtatlar uchun savdo-tijorat yo’llarining ochiq bo’lishi, xalqaro suvlardan hamma foydalana olishi muhim.

“AQSh shuning uchun mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashni o’z vazifasi deb biladi. Hududiy nizolarni hal qilishda do’q-tahdid va zo’raki usullarga o’rin yo’q”, - dedi Klinton Vietnamda o’tgan xavfsizlik anjumanida.

Janubiy Xitoy dengizining katta bo’lagini o’ziniki deb biluvchi rasmiy Pekin qat’iyan mintaqaviy masalalarga aralashmaslikni so’rab, Vashingtonni ogohlantirgan.

Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko’ra, Klintonning nutqi - Xitoyning o’sib borayotgan nufuz-mavqeiga hamla hamda hududiy masalaga xalqaro tus berishga urinishdir.

Bu tortishuvlar Amerika va Xitoy o’rtasida siyosiy-iqtisodiy va harbiy jabhada ketayotgan raqobatning davomi sifatida ko’riladi. AQSh-Janubiy Koreya harbiy mashqlari o’tgan hafta Xitoy e’tirozi sabab Yapon dengiziga ko’chirildi. Yil boshida Pentagonning Tayvanga qurol sotish qarori harbiy hamkorlik va muloqot to’xtab qolishiga sabab bo’lgan edi.

Ikki davlat harbiy va suvosti kemalari ochiq dengizda, xalqaro hududlarda to’qnashgan hollar bo’lgan. Shu yil boshida esa Pekin rasmiylari amerikalik diplomatlarga “Janubiy Xitoy dengiziga aralashmang” deb ochiq bayon qilgan.

Siyosatshunos olim Karl Tayerning aytishicha, mintaqada vaziyat tarang, ayniqsa Xitoy va Vietnam o’rtasida. “Hududiy da’volarini isbotlash uchun Xitoy kuch qo’llashga ham tayyor.

"So’nggi yillarda bir tomonlama ravishda baliqchilikka taqiq qo’yilgan, qo’shni davlat kemalarini yuki bilan musodara qila boshlagan. Bundan tashqari, mintaqada harbiy mashqlar o’tkazmoqchi bo’lsa qo’shnilardan so’rab ham o’tirmaydi”, - deydi Karl Tayer.

Xitoy hukumati o’sib borayotgan tinch mamlakatmiz, deb keladi. Biroq mudofaa xarajatlari yildan yilga oshib borayotgani, xususan Xaynan orolida zamonaviy harbiy baza barpo etilib, samolyot tashuvchi kemalarni joylashirayotgani buning aksi, deydi ekspertlar.

“Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari bunga javoban o’z harbiy salohiyatini oshirmoqda”, - deydi Karl Tayer. “Singapur, Malayziya, Indoneziya va hatto Vietnam yangi, zamonaviy suvosti kemalar xarid qilishni rejalayapti”.

1970-80 yillarda Xitoy bilan qurolli to’qnashuvgacha borgan Vietnam Qo’shma Shtatlar mintaqada faollashganini olqishlamoqda. Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi, ASEAN tashkilotiga a’zo 10 mamlakat va Xitoy o’rtasida 2000 yilda nizolarni tinch yo’l bilan hal qilish bo’yicha kelishuv imzolangan.

Uyushma bosh kotibi Surin Pitsuvan deydiki, Janubiy Xitoy dengizi orqali o’tgan savdo yo’llari barcha uchun ochiq va xavfsiz bo’lishi lozim. “Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyaga yonilg’i mahsulotlarining 85 foizi shu yo’llar orqali keladi”.

Hududiy tortishuvlar hozirgacha savdo-sotiqqa ta’sir ko’rsatmagan, biroq AQSh rasmiylariga ko’ra, Xitoy Vietnam qo’li ostidagi hudduda ishlayotgan Amerika neft kompaniyalariga bosim o’tkazmoqda.

Tahlilchilar fikricha AQShning mintaqaga e’tiborni oshirayotgani Xitoy ta’siriga qarshi muvozanatni ta’minlaydi. Nizolarni hal qilishda tarixiy da’volar emas, xalqaro qonun ustuvor ekani rasmiy Pekinga eslatib qo’yilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG