Breaking News

Xitoy uyg'urlarni qatl etmoqda




Xitoy davlat matbuotiga ko'ra, uyg'urlar yashovchi Shinjon viloyatida sud iyul oyidagi qonli namoyishlarga aloqadorlikda aybdor deb topilgan yana uch kishini o'lim jazosiga mahkum etgan.

Ikki nafarining uyg'ur ekani aytilmoqda. Yana bir kishiga umrbod qamoq jazosi berilgan. Kecha ham viloyat poytaxti Urumchi sudi 5 kishiga oliy jazo tayinlagan edi. Shu kungacha 17 fuqaroga shunday hukm o'qilgan.

"Vashington Post" gazetasida xabar qilinishicha, Kambodjaga boshpana so'rab borgan 22 nafar uyg'ur Xitoyga qaytarilishi mumkin. Xitoy ularni 5 iyul kuni Urumchida uyg'urlar va xitoylar o'rtasidagi to'qnashuvlarda ishtirok etganlikda ayblaydi.

Ammo, deb yozadi "Vashington Post", shu yili qochqinlik maqomi bilan Kambodjada qolmoqchi bo'lgan vyetnamliklarni mamlakatiga chiqarib yuborgan rasmiy Pnompendan marhamat kutmaslik kerak.

Jahon uyg'urlari kongressi vitse-prezidenti Umar Qanotning gazetaga bildirishicha, Xitoydan qochgan ikki uyg'ur Vyetnamda qo'lga olingan, Xitoydan bu mamlakatga borgan yana 5 nafarining esa taqdiri noma'lum.

Xitoy hukumati iyuldagi tartibsizliklarda 200 kishi o'lgan deb, shu paytgacha 10 dan ortiq uyg'urni o'limga mahkum etgan. Uyg'urlar nazarida esa xitoylar zulmiga qarshi uyushtirilgan tinch namoyishlarda hukumat askarlari va politsiya 500 dan ziyod uyg'urni qirgan.

Human Rights Watch tashkiloti vakili Sofi Richardsonning "Vashington Post"ga bildirishicha, Kambodjaga boshpana so'rab bormagan ma'qul. Bu mamlakatning o'zida inson huquqlari kunda buziladi, deydi u.

XS
SM
MD
LG