Breaking News

Shinjonda politsiya to’rt kishini o’ldirdi


Rasmiy Pekin Shinjonda to’polon ko’tarayotganlarni “al-Qoida hamkori”, Markaziy Osiyoda faol jangarilar sherigi deb keladi
Rasmiy Pekin Shinjonda to’polon ko’tarayotganlarni “al-Qoida hamkori”, Markaziy Osiyoda faol jangarilar sherigi deb keladi

Xitoy matbuoti xabariga ko’ra, bugun notinch Shinjon viloyati Xotan shahrida isyonchilar politsiya mahkamasiga hujum qilib, odamlarni garovga olgan. Binoga o’t qo’yilgan.

Oradan ko’p o’tmay yordamga borgan politsiya isyonchilarni o’qqa tutib, tutqindagilarni ozod qilgan, deya xabar beradi Shinxua agentligi.

Huquq-tartibot xodimi, soqchi va garovga olinganlardan ikkisi o’lgani aytilmoqda. Boshqalar kasalxonaga olib ketilgan.

Tartib tiklanib, hukumat tergov boshladi, deyiladi Shinxua xabarida.

Agentlik odamlar nega hujum qilgani haqida lom-mim demaydi.

Uyg’ur aholi hukumatni ularning tili, madaniyati va dinini ezayotganlikda ayblaydi
Uyg’ur aholi hukumatni ularning tili, madaniyati va dinini ezayotganlikda ayblaydi

Surgunda yashovchi uyg’ur faollari buni uydirma, deydi.

Dolkun Isa qarorgohi Germaniyada joylashgan Jahon Uyg’urlari Kongressi vakili. Uning aytishicha, Xotan shahri politsiyasi ikki hafta oldin bir necha odamni biror izohsiz qamoqqa olgan.

“Dushanba ertalab o’sha odamlarning ota-onasiyu do’st-birodarlari yig’ilib, hukumatga chiqmoqchi bo’lgan. Qamoqdagilar qo’yib yuborilsin, sababsiz hibsga olishlar bas qilinsin, degan talablar yangragan”, - deydi u.

Isaning so’zlariga qaraganda, kimlar va qachon ushlanganini aniq aytish qiyin, chunki rasmiy Pekin buni hech qachon ochiq-oydin aytmagan.

Uyg'ur faoli Dolkun Isa janjalni boshlagan Xitoy hukumati, deydi
Uyg'ur faoli Dolkun Isa janjalni boshlagan Xitoy hukumati, deydi

Jahon Uyg’urlari Kongressi Shinjon aholisi bilan bog’lanishga urinmoqda. Biroq odamlar qo’rqqani uchun ortiqcha gapirmaydi.

Namoyishchilarga qarshi qurol ko’tarib, janjal boshlagan hukumatning o’zi, deb hisoblaydi faol.

Har ikki tomonning da’volarini tekshirish mushkul, chunki Xitoy hukumati Shinjonga kirish-chiqishni, telefon va internet aloqani qattiq nazorat qiladi.

Shinjonda yashovchi uyg’ur aholi Xitoy hukumatining siyosatini qoralab, ularning tili, madaniyati va dinini ezayotganlikda ayblaydi.

Biroq rasmiy Pekin Shinjonda to’polon ko’tarayotganlarni “al-Qoida hamkori”, Markaziy Osiyoda faol jangarilar sherigi deb keladi.

Rasmiylar region iqtisodiyotini ko’tarib, barcha elatlar huquqini himoya qilishini ta’kidlaydi.

2009-yilning iyulida Shinjon poytaxti Urumchida xitoylar va uyg’urlar to’qnashib, rasmiy hisoblarga ko’ra, kamida 200 kishi o’lgan.

Xitoy hukumati voqeani tergov qilib, to’qqiz kishini fitnada ayblab, o’lim jazosiga mahkum etib, harbiy choralarni kuchaytirgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG