Xitoyda Shinjon-Uyg’ur Muxtoriyatidagi etnik zo’ravonliklarda ayblanib 83 kishi sudga tortiladi va hukumat ayni damda 718 kishi hisbda ekanini bildirmoqda. Ayblanuvchilar asosan uyg’urlar.
Shinjon bosh prokuraturasi Urumchidagi notinchlikka ham uyg’ur, ham xitoylar sabab bo’lgan va buni isbotlovchi dalillar bor deya e’lon qilgan.
Ularga qotillik, o’g’rilik, buzg’unchilik va etnik nafrat urug’ini sochganlik singari ayblar qo’yilmoqda.
5 iyulda avj olgan to’polonlarga ikki uyg’ur o’ldirilgani turtki bergan, uyg’urlar adolat talab qilib ko’chaga chiqqan, xitoylar va bu elat vakillari orasida to’qnashuvlar vujudga kelgan edi.
Uyg’ur yetakchilari nazarida Xitoy haqiqatni yashirishda davom etmoqda.
Jahon Uyg’urlari Kengashi vakili Dilshod Rashid deydiki, uyg’urlar hech bir huquqiy himoyasiz sudga tortilmoqda, eng og’ir ayblar uyg’urlarga qo’yilmoqda, uning millatdoshlari Shinjonda azob-uqubatda kun kechirmoqda.
Xorijdagi uyg’ur jamoatchiligi BMTdan Shinjondagi qonli voqealarni tergov qilishni so’ramoqda.
Dilshod Rashid “Xitoy hukumati berayotgan biror ma’lumotga ishonch yo’q”,- deydi.
Kuni kecha bu davlat hibsda 1700 dan oshiq odam bor deyayotgan edi. Bugun bu raqam 718 ga tushgan.
"Kim qachon ozod qilindi? Minglab uyg’urlar panjara ortida o’tiribdi. Yana qanchasi o’tgan yillar ichida qattiq jazolarga mahkum etilgan, adolatsizlik qurboni”,- deydi Dilshod Rashid.
Xitoy rasmiylari esa uyg’ur yetakchilarini tuhmatda, terrorizmda, tinchlikka raxna solayotganlikda ayblab keladi.
Shinjonda qariyb 10 million uyg’ur yashaydi. Ular bu hududni Sharqiy Turkiston deb biladi. Xitoy ular nazarida bu millatni, uning madaniyatini yo’q qilishga bel bog’lagan bosqinchi tuzum.