Breaking News

Kongressda Xitoyni qoralovchi rezolyutsiya muhokamada


AQSh Kongressining ayrim a’zolari Obama ma’muriyatini Xitoyning uyg’urlarga nisbatan siyosatini keskin qoralashga chaqirmoqda.

Xitoy hukumati Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatida tinch namoyishlarni kuch bilan bostirgan, deydi ular.

5 iyul kuni boshlangan etnik to’qnashuvlarda, rasmiy manbalarga ko’ra, hozirgacha 200 ga yaqin odam o’lgan. Viloyat markazi Urumchi harbiylarning qattiq nazorati ostida. Hukumat ko’rsatmasiga binoan, kecha shaharda masjidlar yopiq edi.

Rasmiy Pekin namoyishlar ortida “tashqi kuchlar” turibdi deya, xususan jahon uyg’urlar yetakchisi Robiya Qodirni ayblagan. Uyg’urlar taqdiriga e’tibor qaratayotgan qonunchi, demokrat kongressmen Villiam Delaxantning aytishicha, Xitoy da’volari g’irt safsata.

“Kommunistik rejim Robiya Qodirni terrorchi deb tasvirlashga, uni Shinjondagi voqealarga javobgar qilib ko’rsatishga urinmoqda. Bu ayblovlar mutlaqo asossiz”, -deydi Delaxant.

Kapitoliyda qonunchilar bilan uchrashgan Robiya Qodir namoyishlarga bosh bo’lganini rad etadi. Uning aytishicha, Shinjonda politsiya begunon odamlarni hisbsga olishda davom etyapti. Tashkilotchilarni qattiq jazolash, hatto o’limga mahkum etish lozim degan chaqiriqlar yangramoqda.

AQSh qonunchilari olg’a surayotgan rezolyutsiyada Shinjon - Sharqiy Turkiston, Robiya Qodir esa Xitoy-uyg’ur ziddiyatlarini tinch yo’l bilan hal qilishga chaqirayotgan yetakchi, demokratiya tarafdori deb tilga olinadi. Hujjat rasmiy Pekinni unga nisbatan tuhmat-bo’htonlarni bas qilishga chaqiradi.

Kongress a’zosi Dana Rorabaker nazarida, demokratik dunyo, ayniqsa Qo’shma Shtatlar erkinlik va o’z huquqlarini talab qilib chiqayotgan uyg’urlar taqdiriga, ular boshdan kechirayotgan azob-uqubatga tinch qarab tura olmaydi. “Biz ularni qo’llab-quvvatlashimiz kerak”, - deydi qonunchi.

Rezolyutsiya loyihasida mustaqil kuzatuvchi va jurnalistlarga Xitoyda erkin harakatlanish huquqi berilsin, jinoyatda ayblanayotganlar ustidan sud jarayoni ochiq o’tsin deyilgan. Xitoy hukumatidan hibsdagi begunoh odamlarni qo’yib yuborish so’ralmoqda.

Villiam Delaxant va Dana Rorabaker AQSh-Xitoy munosabatlarida uyg’ur masalasini ko’tarishga undab kelayotgan qonunchilardan. Ularning aytishicha, Guantanamo qamog’ida yaqingacha saqlangan uyg’ur mahbuslar Xitoy razvedkasi tomonidan so’roq qilingan va AQSh Mudofaa vazirligi Pentagon bu borada tushuntirish berishi kerak.

Uyg’ur faollar shu kunlarda AQSh va Yevropaning turli shaharlarida chiqishlar uyushtirib, G’arb dunyosidan yordam so’ramoqda. Xalqaro hamjamiyat Shinjondagi ahvoldan boxabar turishi kerak, deydi ular. Kuni-kecha Oq uy qarshisida ham namoyish o’tkazilgan.

XS
SM
MD
LG