O’zbekiston ziyolilari Xitoyda uyg’urlar namoyishi qonli ravishda bostirilganini qoralamoqda. Minglab uyg’urlar yashovchi Markaziy Osiyo bo’ylab esa hukumatlar sukutda.
O’zbek ziyolilari fikricha, mintaqa davlatlari jim turishi ayanchli.
“Uyg’urlar Markaziy Osiyodagi turkiy qavmlarning eng yirigi. Mintaqa davlatlarining u yerdagi voqealarga indamasdan, go`yoki bu elat bo`lginchidek turishi noma’qul. Qandaydir siyosiy, iqtisodiy manfaatlar deb o’z qardoshlariga munosabat bildirmaslik -- siyosiy passivlik, uyg`ur qardoshlarimizga nisbatan sotqinlik”, - deydi adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabek.
Sharhlovchilar deydiki, g’alayonning bosh sababi Xitoyda inson huquqlari, erkinliklar toptalayotganidir.
“Uyg’urlarni xitoylashtirishdan tashqari, u yerda yuqori lavozimlarga xitoylar qo’yilayapti. Shu yo`l bilan uyg`urlarni millat sifatida tugatishga harakat qilinayapti. Bu voqealar shu siyosatga qarshi javob”, - deydi Baxtiyor Isabek.
Sharhlovchi Komron Aliyevning aytishicha, Xitoy zabt etilgan barcha yerlar va xalqlarni xitoylashtirish siyosatini davom ettirmoqda.
“Xitoydagi 1,5 milliard aholining hammasi xitoylardan iborat deb tushunmaslik kerak. U yerda boshqa xalqlar, millatlar ham ko`p, jumladan, Sharqiy Turkistonda o`zbeklarga eng yaqin bo`lgan uyg`urlar yashaydi. Ilgari Tibetda qozg`olonlar bo`lib o`tgan edi. Hozir buni Uyg`uristonda kuzatayapmiz. Hududda katta gaz konlari ochilgan, u yerga xitoyliklar olib kelinayapti. Maqsad uy`gurlar sonini kamaytirish. Afsus, O`zbekiston hozirgacha uyg`urlar himoyasi uchun hech narsa qilgani yo`q. Sababi O`zbekistonning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a`zoligi bo`lishi mumkin”, - deydi sharhlovchi.
Uyg`urlar o`tgan asrda Turkiston mintaqasi zabt etilgach, mustaqillikda ajralgan yirik turkiy xalq. Rasmiy hisoblarga ko`ra, O`zbekistonda 150 mingdan oshiq uyg`ur bor. Biroq O’zbekiston uyg`urlari madaniy markazi Urumchidagi qonli voqealar yuzasidan munosabat bildirmagan.