Breaking News

Xitoy uyg'ur yetakchisining Yaponiya safaridan norozi


Uyg’ur yetakchisi Robiya Qodirning Yaponiyaga safari bu davlatda kuchli norozilikka sabab bo’lmoqda. Xitoy hukumati nazarida Yaponiya uzoqni ko’zlab ish tutmayapti.

Xitoy Robiya Qodirni Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatida kuzatilgan qozg’olon va etnik kelishmovchiliklar ortida turganlikda ayblar ekan, uning Tokioda iliq kutib olingani keskin qoralanmoqdda.

Xitoyning Yaponiyadagi elchisi Suu Tiankay “Robiya Qodir - jinoyatchi va unga hech bir davlat o’z eshigini ochmasligi kerak”, - deydi.

Bunday gaplarga e’tibor bermayotgan Yaponiya esa mehmon do’st xalq ekanini, eshigi turli millat vakillari uchun ochiq ekanini eslatib, Robiya Qodirning tashrifi ham muhim deya bayon qilgan.

Robiya Qodir Tokioda xalqaro simpoziumda gapiradi va matbuot anjumani o’tkazadi. Rasmiylar bilan uchrashuvlar rejalanmagan.

Siyosatshunos Jozef Cheng nazarida Robiya Qodir bugun uyg’urlar yetakchisi va kuchli lider sifatida tanilganki, parlament saylovlari arafasida turgan va omma fikrini ustun qo’yayotgan Yaponiya unga eshigini yopa olmaydi. Yaponlar orasida uyg’urlarni quvvatlovchilar juda ko’p.

Shu oy boshida Shinjonda ro’y bergan qonli voqealarda 200 dan ortiq kishi o’lgan. Xitoy siyosatidan norozi va uni bosqinchi deb biluvchi uyg’urlar aslida bundan-da ko’p odam halok bo’lgan deydi.

Robiya Qodir Xitoyni unga nisbatan tuhmatlarda ayblab, “mening xalqim erkinlik va hurmat uchun kurashmoqda”,- deydi.

Xitoy Avstraliyada yaqin kunlarda o’tadigan kinofestivalda Robiya Qodir haqidagi hujjatli film ko’rsatilishini ham qoralab chiqqan. Xitoy festivaldan uch filmini qaytib olgan.

Sharhlovchilar nazarida esa Xitoy bu hatti-harakatlari bilan boshqa millat va madaniyatlarga toqat qilmasligini, keng doirada fikrlamasligini ko’rsatmoqda.

“Xitoy o’ziga nisbatan tanqidiy qarash va tahliliy fikrlashdan yiroq. G’urur hamma narsadan ustun qo’yilib, Xitoy nima muhim va muhim emasligini unutub qo’ymoqda. Ular g’azabga to’la ekanini ayon qilmoqda”,- deydi Gong-konglik professor Jozef Cheng.

Bu kabi tanqidlarga esa Xitoy rasmiylari baxillik sifatida qaraydi. “Xitoy o’z manfaatlarini himoya qilishda davom etadi”, - deydi ular.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG