Breaking News

Urumchi aholisi etnik ziddiyatlarga qarshi


Xitoyning 100 dan ziyod yozuvchilari va san'at arboblari hukumatdan o'tgan hafta hibsga olingan taniqli uyg'ur iqtisodchi Ilhom Tohtini ozod etishni so'rovchi murojaatnomaga qo'shilgan. Xitoy hukumati uni Internetdagi sahifasi orqali etnik nizoni keltirib chiqarayotganlikda ayblagan. Ammo Xitoy ziyolilarining aytishicha, professor Tohtining xitoy tilidagi sahifasi uyg'urlar hayoti haqida axborot bergan hamda uyg'urlar va xitoylar o'rtasida muloqot uchun ko'prik vazifasini bajargan.

Xitoy rasmiy matbuotiga ko'ra, 5 iyulda Urumchida bo'lgan namoyishlarda o'lganlar to'g'risidagi ma'lumot yangilanib, qurbonlar soni 192 ga chiqqani aytilmoqda. Yarmidan ko'pi xitoylar ekani ta'kidlanadi. Biroq uyg'ur faollari ularga qarshi zo'ravonliklarda 500 dan ziyod o'lgan va aksariyati uyg'urlar deydi.

Amerika Ovozining Urumchidagi muxbiri Alison Kleymenning xabar berishicha, uyg'urlarning ba'zilari vaziyatdan tashvishda. Xitoy do'stlarga ega uyg'urlar o'zaro munosabatlar buzilmaydi deb umid qilmoqda.

Bozorda ishlaydigan bir uyg'urning xitoy tilida aytishicha, namoyishlar bo'lgan kun aksariyat xitoy do'stlari unga telefon qilib, hol-ahvol so'rashgan.

Xitoy ayolning aytishicha esa, ikki millat vakillari o'rtasida aloqalar yaxshi. Ko'p tadbirlarni birgalikda o'tkazishadi. Bir-birinikiga mehmonga borib turishadi.

Urumchida minglab xavfsizlik kuchlari shaharni nazorat qilmoqda. 1400 ga yaqin uyg'ur qo'lga olingan. Masjidlar yopiq. Odamlarga namozni uyda o'qish tayinlangan.

Ba'zi uyg'urlar ko'chaga chiqishdan, xitoylar tajovuziga uchrashdan xavfsiraydi. O'rta yoshdagi uyg'ur ayolning aytishicha, hukumat uyg'urlar o'zligi va dinini kamsitmoqda.

"Xitoyga bizning dinimiz, madaniyatimiz, ayollarimizning yuzini yopib yurishi, erkaklarning salla kiyishi yoki soqol qo'yishi yoqmaydi," deydi u xitoy tilida.

Unga ko'ra, matbuot uyg'urlar talofatlari haqidagi asl ma'lumotni yashirib, yolg'on xabarlar tarqatmoqda.

"6-7 iyul kunlari juda ko'p uyg'ur o'lgan. Ammo hukumat bu haqida so'zlamaydi," deydi bu ayol.

Al Qoidaning Shimoliy Afrikadagi a'zolari Xitoydan uyg'urlar uchun o'ch olishi haqida ma'lum qilgach, Xitoyning Jazoirdagi elchixonasi fuqarolarini ehtiyotkorlikka chaqirib, al Qoidaning ularga qarshi ehtimoliy xurujlaridan ogohlantirmoqda.

XS
SM
MD
LG