Shinjon-uyg’ur muxtoriyatidagi to’qnashuv va hujumlar ketidan Xitoy regionga sara aksilterror harbiy bo’linma safarbar etgan.
Kommandoslar “yaqinda qonli voqealar ro’y bergan Qashg’ar va Xo’tan shaharlarida terrorchilarga qarshi operatsiyalar o’tkazishi” aytilmoqda.
Xitoy Xalq Qurolli Kuchlarining elita guruhi sanalmish bu zobitlar namoyishlar nazorati, portlovchi moslamalarni topib, yo’q qilish va shu kabilar uchun mas’ul, deydi rasmiylar. Lekin askarlar soni haqida biror ma’lumot yo’q.
Ular Shinjonda tartibni saqlash bilan birga sentabr oyida rejalangan yirik ko’rgazmaga ham ko’z-quloq bo’lib turadi, deydi Xitoy ma’murlari.
Shinjon so’nggi yillarda etnik to’qnashuvlar markaziga aylangan.
Mahalliy aholi, uyg’urlar hukumatni bosimda ayblab, mintaqaga xitoylar ko’chib kelayotgani va ko’pchilikka aylanayotganidan shikoyat qiladi.
Iyul oyida Shinjonda bir necha kishi pichoqlanib, politsiya va uyg’urlar olishuvi oqibatida 30 dan ziyod odam jon bergan.
Shundan beri vaziyat tarang. Rasmiy Pekin voqealarda terrorchilarni ayblaydi.
Lekin ayrim ekspertlar hukumatning xulosasini tasdiqlovchi dalillar yo’q ekanini, to’polon xalqning e’tirozi mahsuli ekanini aytadi.