Breaking News

Xitoyda yana besh uyg'urga o'lim jazosi berildi


Xitoyning Shinjon-Uyg’ur muxtoriyati markazi Urumchida mahalliy uyg’urlar va xitoylar o’rtasida shu yoz ro’y bergan etnik nizolardan so’ng, qamoqqa olingan shaxslar orasida yana besh uyg’ur o’lim jazosiga hukm qilingan.

Sakkiz kishiga umrbod, to’rt nafariga esa uzoq muddatli qamoq jazosi belgilangan.

Urumchi voqealarida kamida 200 kishi o’lgan, o’nlab odam qamoqqa olingan edi. Rasmiy Pekin uyg’urlarni ayblab, qo’zg’olon harakatini chet eldagi faollar boshqargan deb keladi. Ammo huquq himoyachilari nazarida Xitoy hukumati hodisalarni bo’rttirib, qattiqqo’l siyosatiga bahona qidirmoqda.

Urumchi hodisalaridan so’ng hibsga olingan uyg’urlardan hozirgacha 22 nafari o’limga hukm qilingan, 9 nafari allaqachan dorga osilgan.

Pekin ta’qibidan qochib nasroniy missionerlar ko’magida Kambodjaga borgan 20 nafar uyg’ur esa, Xitoy vitse-prezidentining bu mamlakatga safari arafasida, maxsus samolyot bilan vataniga qaytarilgan edi. Ular ham Urumchidagi voqealarga aloqadorlikda ayblangan.

AQSh va Yevropa Ittifoqi qatorida BMTning qiynoqlar masalasi bo’yicha byurosi ham badarg’a qilingan uyg’urlar taqdiridan xavotirda. Ular qiynoqqa solinishi, hatto o’lim jazosiga mahkum etilishi mumkin.

Bu orada, Xitoyda siyosiy islohotlarga chaqirgan ochiq xat mualliflaridan biri Liu Shiaobo ustidan sud adolatsiz ekanini ta’kidlayotgan davlatlarga nisbatan Pekin keskin munosabat bildirmoqda. Xitoy nazarida bu - mamlakat ichki siyosatiga aralashuvdan boshqa narsa emas.

AQSh diplomati Pi Jey Krovli bunday “sud tomoshasi” Xitoydek ulkan bir davlatga yarashmaydi degan.

“Yopiq tarzda shoshma-shosharlik bilan o’tkazilayotgan sudga ayblanuvchining na oilasi, na xorijiy kuzatuvchilar qo’yildi. Bu holat XXI asrning ilg’or mamlakatlaridan biri bo’lishga intilayotgan davlatga munosib ish emas. Albatta, inson huquqlariga doir vaziyatni Xitoy rasmiylari bilan muhokama qilishda davom etamiz”, - deydi AQSh rasmiysi.

Faol Liu Shiaobo hukumatga islohot talabini qo’ygan hujjat-xartiyani yozgani uchun hibsga olingan edi. Aybdor topilsa, 15 yilga qamalishi mumkin.

XS
SM
MD
LG