Breaking News

Tahlilchilar: uyg'ur masalasi turkiylar qurultoyida ko'tarilisin


Qardosh xalqlar ham Xitoy-uyg'ur mojarosi haqida fikr bildiradigan vaqt keldi

Sharhlovchilar nazarida uyg’urlar masalasi xalqaro sahnada, BMT doirasida ko’tarilmasa, Turkiy davlatlar qurultoyida muhokama qilinishi shart. Uyg’urlar turkiylar orasida eng qadimiy va yirik xalqlardan biri sanaladi.

Turkiyzabon elatlar hayotiga doir qadimiy qo’lyozmalar uyg’ur yozuvida bitilgani aytiladi. Biroq yirik madaniy va tarixiy merosiga qaramay, uyg`urlar hamon mustamlaka ostida yashab keladi.

Sharhlovchilar fikricha, Xitoy-uyg'ur mojarosi haqida turkiy xalqlar ham aniq pozitsiya bildiradigan vaqt keldi.

Hukumatlar jim, ammo jamoatchilik hamdard

Turkiya hukumati Xitoydan uyg`urlarga nisbatan bosimni to`xtatishni talab etdi. Bosh vazir Rajab Toyib Erdog`an Xitoydagi voqealarni genotsid deya ta’riflagan. Dunyodagi boshqa turkiy davlatlar bu borada hozircha sukut saqlashni lozim topmoqda.

Vaziyat dunyo bo`ylab turkiy xalqlarni fojea atrofida birlashtirgan bo`lsa, Markaziy Osiyo davlatlarida asosan befarqlik bilan kuzatilgan. Hukumatlardan farqli ravishda ziyolilar uyg`ur xalqining mustaqillik yo’lidagi kurashini qo`llab-quvvatlaydi.

“Uyg`urlar turkiylarning eng qadimiysi, ular ham ozod bo`lishi kerak. Men uyg’ur xalqiga ozodlik tilayman. Xitoy Shinjon - Sharqiy Turkistonga mustaqillik berishi kerak. Sovet davrida Xitoy bilan munosabat yaxshi ekanligi uchun hech kim minbardan turib, uyg`urlar ozodligi haqida gapira olmas edi. Hozir ham Rossiya va Xitoy munosabatlari yaxshiligi uchun hech kim ochiq ayta olmaydi. Lekin o`zini turkiylarning bir bo`lagi deb bilgan har bir o`zbek xudodan uyg`urlarga mustaqillik tilaydi”, - deydi hofiz Dadaxon Hasan.

Nafaqat uyg'urlar, jamiki turkiy xalqlar tahqirlandi

Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozog`iston, Qirg`iziston va O`zbekiston turkiyzabon davlatlar. Sobiq ittifoq hududida bir necha million uyg`ur yashaydi.

“Furqat davrida ham uyg`urlar va o`zbeklar o`rtasida chegara yo'q edi. E'tibor bersangiz, ular bu yerdan borganlarni toshkentlik yoki farg`onalik derdi, biznikilar esa qoshg`arlik, derdi. Aytmoqchimanki, anglayotgan odamlar uchun Xitoy faqat uyg`urlarni qirayotgani yo`q, bu bizga ham, butun turkiylarga ham qarshi qaratilgan. Ularning mustaqillik uchun harakatini bosqinchilik, ayirmachilik deya atamoqda. Xuddi bir paytlar ruslar bizni bosmachilar deganidek”, - deydi adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabek.

Sharhlovchilar deydiki, uyg`urlar xalqaro hamjamiyatdan najot kutmoqda. AQSh Kongressi Xitoyga nisbatan rezolyutsiyani muhokama qilmoqda. Turkiya uyg’urlar masalasini BMTda muhokama qilish talabi bilan chiqqan.

“Xitoy albatta bunga tish-tirnog`i bilan qarshi. Nozik tomoni bu yerda - Turkiya yolg`iz. Turkiylar birligini faqat turk hukumati, turk ziyolilari anglayotgandek. Bu jihatdan ularga rahmat”, - deydi Baxtiyor Isabek.

Sharhlovchilar nazarida uyg’urlar masalasining xalqaro miqyosda muhokamaga chiqishi nafaqat Turkiya, balki boshqa turkiy davlatlar, xalqaro jamoatchilik pozitsiyasi shakllanishini ham taqozo etadi.

“Markaziy Osiyo davlatlari Xitoy bilan birgalikda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (ShHT) a`zo. Mintaqa davlatlari tashkilot manfaatlari yo`lida vaziyatni chigallashtirmasdan Xitoy bilan hamkorlikni rivojlantirishi tabiiy hol. Bir tomondan, tukiy davlatlar uyg`urlar bo`yicha yagona bir pozitsiya bildirsa, maqsadga muvofiq bo`lar. Ikkinchi tomondan, ShHT doirasida ishlash kerak”, - deydi siyosatshunos Farhod Tolipov.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov so’zlariga ko`ra, Xitoy dunyo siyosatida muhim o`rin tutadi, u bilan ko`plar hisoblashadi. Lekin uyg’urlar bilan bog’liq vaziyatda Xitoy ma’lumotlarni yashiryapti.

“Uyg`urlarga, Sharqiy Turkistonga bosim juda kuchaygan. Bu bosim anchadan beri bor. Ularning mustaqillik uchun kurashi ham anchadan buyon davom etayapti. Hozirgi voqealar Xitoy davlatining bosimi oqibatida kelib chiqqan deb hisoblaymiz”, - deydi Oripov.

Xitoy rasmiylari uyg’urlar masalasini mustaqillik uchun kurash emas, etnik kelishmovchilik sifatida yoritishga harakat qilayotgan bo`lsa-da, xalqaro jamoatchilik bu to`qnashuvlar ortida mustaqillik uchun kurash yotganidan xabardor, deydi u.

Uyg'ur masalasi turkiy xalqlar birdamligi uchun sinov

Ba’zilar nazarida uyg`urlar huquqi BMT doirasida muhokama qilinmagan taqdirda, Turkiy davlatlar qurultoyida muhokama qilinishi kerak.

“Bu bir sinov bo`ladi. Turkiy davlatlarning sammiti mavjud deymiz. Ular bir-biriga yaqin pozitsiyalar bildirishi kerak. Aks holda shunday sinovli paytlarda aniq munosabat bildirmasa, albatta, bu tashkilotning qimmati, nufuzi pasayadi. Turkiy davlatlar qandaydir pozitsiya bildirishi qiyin. Lekin ularning tashqi siyosati turli omillar ostida rivojlanayotganini ta'kidlash kerak”, - deydi Farxod Tolipov.

Otanazar Oripov fikricha, turkiy davlatlar birligi juda qiyin masala.

“Shu masalani ko`tarib chiqish kerak, bu turkiy millatlarni birlashtiruvchi faktor bo`ladi. BMTda emas, turkiy davlatlar ittifoqida muhokama qilinsa, millatlar uyushishi uchun foydadan xoli bo’lmaydi”, - deydi Oripov.

Xitoy rasmiy manbalariga ko`ra, norozilik chiqishida 200 ga yaqin kishi qurbon bo`lgan. Uyg’ur faollari tarqatayotgan ma`lumotda halok bo`lganlar 400 dan oshgani ta`kidlanadi.

Markaziy Osiyo davlatlari Xitoyga yon bosmoqda

Xitoy hukumati jinoyatda gumon qilinayotganlar shafqatsiz jazolanishi haqida ogohlantirmoqda. Xitoy hukumati avval ham ayirmachilikda ayblab, bir necha uyg`ur faolini o`lim jazosiga hukm qilgan. Bu borada Markaziy Osiyo hukumatlari Xitoyga yordam berib keladi deyish mumkin.

Bir nech yil avval uyg`ur faoli, Kanada fuqarosi Husayn Jalil O`zbekistonda ushlangan va Xitoyga topshirilgan edi. Ayni paytda Husayn Jalil uzoq yillik qamoq jazosini o’tamoqda.

Sharhlovchilar nazarida mustaqillikka erishgan mintaqa davlatlari hamon kommunistik qarashdan uzoqqa ketmagan.

Baxtiyor Isabek deydiki, turkiy birlik rivojlanishi turkiy ziyolilarning ham faol munosabatini talab etadi.

“Hozir Chingiz Aytmatov darajasidagi ijodkorlarimiz yo`q. Masalan, O`ljas Sulaymon hurmati baland. Lekin turk deganda u ko`proq qozoqlarni tushunishi bilan farq qiladi. Chingiz Aytmatovda kenglik bor edi, u hamma turkiylarni bir deb hisoblardi. Shuning uchun aytayapman, Chingiz Aytmatov darajasidagi ijodkorlar kerak. Ular esa hozircha ko`rinmaydi”, - deydi Baxtiyor Isabek.

XS
SM
MD
LG