Breaking News

Xitoy Shinjondan ko’zini uzmaydi


Xitoy Shinjondan ko’zini uzmaydi
Xitoy Shinjondan ko’zini uzmaydi

Xitoy hukumati aholisi asosan musulmon Shinjon muxtoriyatida huquq kunda oyoqosti qilinayotgani haqidagi xabarlarni rad etmoqda.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti so’nggi hisobotiga ko’ra, Urumchidagi qirg’indan rosa ikki yil o’tib, bugun uyg’ur xalqi doimiy qo’rqinch va sukutda yashashga majbur.

2009 yilgi to’polon ketidan Shinjonda xavfsizlik kuchlari mijja qoqmaydi.

Rasmiy matbuoti hisobicha, 2010 yilda hududda mudofaa xarajatlari ikki karra oshib, 400 million dollarga yetgan. 40 ming dona kuzatuv kamerasi o’rnatilgan.

Xalqaro Amnistiya tashkilotining aniqlashicha, bugun ham hukumatdan shikoyat qilgan yoki haqqini talab qilgan uyg’urlar darrov adabini yeydi.

Lekin Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xong Ley deydiki, bu xalqaro tashkilot hisoboti - safsata.

“Xitoy terrorizm va ekstremizmga nisbatan ogoh turishi va lozim topsa, chora ko’rishi kerak. Harakatlarimiz sharofati bilan bugun Shinjon osuda va shunday bo’lib qoladi”, - deydi Xong Ley.

Xitoy taraqqiyoti va sarmoyasi muxtoriyat uchun, u yerda yashovchi fuqarolar uchun koni foyda, deydi rasmiy.

Uning ta’kidlashicha, rasmiy Pekin ektremizmni qurol qilgan insonlar, chetdan turib, yurt tinchini buzayotgan uyg’urlarni jazosiz qoldirmaydi.

Xitoy Shinjondan ko’zini uzmaydi
Xitoy Shinjondan ko’zini uzmaydi

2009 yilda Xitoy janubidagi fabrikada ikki uyg'ur ishchisi o'ldirilgach, Urumchida minglab uyg'ur zo'ravonlik va nohaqlikka qarshi namoyish qilgan edi.

Olishuv olishuvga ulanib, etnik tus olgan, rasmiy manbalarga ko'ra, 197 kishi o'lgan edi. Xitoylar ham, uyg’urlar ham jabr ko’rgan.

Oradan ko’p o’tmay politsiya yuzlab uyg’urni qamoqqa oldi. Kamida 20 kishi o’limga mahkum o’tilib, yana ko’plar uzoq yilga turmaga tashlandi.

Huquq tashkilotlari hisob-kitobiga ko’ra, o’nlab uyg’urdan hamon darak yo’q. Ular maxfiy qamoqlarda saqlanayotgani taxmin qilinadi.

G’alayon va qamashlarni muohakam qilishga jur’at etgan jurnalistlar bugun ham ta’qibda. Uyg’ur xalqi esa o’z vatanida go’yoki mehmon yoki begona, deyiladi Xalqaro Amnistiya hisobotida.

Uyg’ur jamoalari to’polonni hukumatning uzoq yillik bosimi, bu elat madaniyati va tilini yo’q qilish siyosatiga qarshi isyon deya ta’riflaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG