Breaking News

Uyg'urlar bugun Qozog'istonda siyosiy kuch, lekin...


Almati ko'chalarida
Almati ko'chalarida

Amerikalik olim, Jorj Vashington Universiteti professori Shon Roberts (Sean Roberts) qariyb 30 yildirki uyg’ur xalqini o’rganib keladi - bu elat tarixi, u yuzlashgan siyosiy va ijtimoiy masalalar hamda boy madaniyat. 1996-yilda ishlagan hujjatli filmini Roberts “Uyg’uristonni kutib” deb nomlagan. Yaqin kelajakda yangi bir kitobi nashrdan chiqadi. U Markaziy Osiyo, xususan Qozog’istondagi uyg’ur jamoasi haqida. Olimning aytishicha, bugun uyg’urlar bu mamlakatda o’ziga xos siyosiy kuchga aylangan.

Qozog’iston sharqi, Xitoy bilan chegaradosh mintaqa, xususan Almatida uyg’urlar uzoq tarixga ega. Bugun respublikada taxminan 300 ming uyg’ur yashasa, ularning aksariyati balki Almati va chegara oralig’idagi hududda istiqomat qiladi.

1880-yillarda Xitoyning Kulja mintaqasi 10 yil Rossiya nazoratida bo’lgan. Bu yerlar yana Xitoyga qaytarilganida, aholiga sharq tomon, hozirgi Qozog’istonga ko’chish imkoniyati berilgan.

Bugungi Almati
Bugungi Almati
Shon Robertsning aniqlashicha, qariyb 60 ming uyg’ur o’tgan o’shanda. XX asr boshlaridagi notinchliklar odamlarni bir joyda yashashga qo’ymagan. 1950-60 yillarda borib esa Xitoy-Sovet mojarosi avj olib, yana 100 ming uyg’ur chegarani kesib o’tgan.

1990-yillardan beri esa yana katta sonlarda kelishdi. Savdo, tirikchilik va oilaviy sabablar bilan. Qachon kelganiga qarab, uyg’urlar bir-birini “yerlik”, “ko’chib kelganlar” va “xitoyliklar” deb ajratadi.

1960-yillardan keyin Almati ancha kengaygan, shu jumladan uning atrofidagi kolxozlar ham. Ulardan to’rttasida aynan uyg’urlar yashagan: Sulton Qo’rg’on, “Gorniy Gigant”, “Zarya Vostoka” va “Drujba”. Bu jamoalar nafaqat qishloq xo’jaligi bilan shug’ullangan, balki savdo-sotiq ham ularning qo’lida bo’lgan.

Shon Roberts (Sean Roberts) uzoq yillardan beri uyg'urlar tarixi va hayotini o'rganib keladi
Shon Roberts (Sean Roberts) uzoq yillardan beri uyg'urlar tarixi va hayotini o'rganib keladi
Shuningdek, ular o’z-o’zini boshqargan. “Jigit beshi” va “Mashrap” degan an’anaviy maslahatlashuvlar yo’lga qo’yilgan. Asosan erkaklar qatnashadigan bu kengashlarda madaniy-oilaviy masalalardan tortib, uyg’urlarning barchasini qiynagan siyosiy-ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yechim qidirilgan.

Bugun ham uyg’urlar orasida “jigit beshi” va “mashrap” keng tarqalgan, deydi Shon Roberts.

Qozog’istonda eski zamonlardan beri yashab kelayotgan oilalar ancha ruslashgan, keyinroq kelganlar esa ancha xitoylashgan. Dindor uyg’urlar Sovet davrida katta bo’lgan, e’tiqoddan uzoq uyg’urlar bilan til topishishi qiyin. Orada madaniy kelishmovchiliklar uchraydi, lekin umuman olganda, uyg’urlar uchun birdamlik har narsadan ustun, deydi olim.

1990-yillarda Qozog’iston uyg’ur milliy harakati markaziga aylangan. Xitoydan ajralib, mustaqil davlat bo’lish orzusida yurganlar bu davrda bir necha tashkilotlar tuzgan, odamlarni siyosiy jihatdan birlashishga undagan. Amerika, Yevropa, Turkiya va Avstraliyadagi muhojirlar Almatiga kelib, yurtdoshlar bilan maslahatlashgan. Uyg’ur adabiyoti rivojlangan. Qozog’istonning eski poytaxtida Xitoyga qarshi namoyishlar uyushtirilgan.

Lekin 2000-yillarga borib, Xitoy nazoratni butkul qo’lga oladi. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti tuzilib, rasmiy Pekin unga a’zo Markaziy Osiyo respublikalarini uyg’urlarga nisbatan qattiqroq siyosat yuritishga ko’ndirdi. Uning davlati dushmanlari mintaqa dushmanlari sifatida qabul qilina boshladi. Bunga asosiy sabab - Xitoy siyosiy-iqtisodiy qudrati oshgani. Qozog’iston u bilan yaqin hamkor ekan, uyg’urlar hayoti, ayniqsa e’tiqodi va tashqi dunyo bilan aloqalari yaqindan kuzatiladigan bo’ldi.

"Zarya Vostoka" uyg'ur jamoasi masjidi
"Zarya Vostoka" uyg'ur jamoasi masjidi
2001-yilning 11-sentabrida AQShda terror hujumlari sodir etilgach esa dunyo siyosatida yangi sahifa ochildi. Xitoy uyg’ur milliy ozodlik harakatiga terrorizm degan tamg’ani bosdi. Al-Qoida va u bilan aloqadorlikda gumon qilingan tashkilotlarga qarshi urush ochgan Amerika sal o’tmay Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatini terrorchilar ro’yxatiga qo’shdi. Siyosiy faollar, ozodlik uchun kurashayotganlarning ko’pi Markaziy Osiyoni tark etib, G’arbdan panoh topdi. Mintaqa davlatlari o’nlab uyg’urlarni Xitoyga topshirdi. Afg’onistonda qo’lga tushgan bir necha uyg’ur Guantanamodagi qamoqxonaga olib borildi. Lekin birortasining aybi isbotlanmagach, Amerika ularning begunoh ekanini tan olib, turli davlatlarga chiqarib yubordi.

Lekin mintaqadagi uyg’urlarning aksariyati siyosatga bosh qo’shmadi. Xususan Almati atrofidagi yuzlab ming uyg’urlar o’z madaniyatini saqlab qolgan holda Qozog’istonda yashashni, tirikchilik qilib, hayot kechirishni istaydi.

Ahmadjon Shardinov, taniqli uyg'ur tadbirkor, Qozog'iston Xalq Assambleyasida prezident Nursulton Nazarboyevning muovinlaridan biri. Uyg'urlar respublikadagi sharoitdan mamnun.
Ahmadjon Shardinov, taniqli uyg'ur tadbirkor, Qozog'iston Xalq Assambleyasida prezident Nursulton Nazarboyevning muovinlaridan biri. Uyg'urlar respublikadagi sharoitdan mamnun.
Buni tushungan hukumat, deydi Shon Roberts, ularni ortiqcha bezovta qilmayapti. Birdam jamoaga siyosiy kuch sifatida qaraydi. Oqsoqollarni ishga solib, prezident Nursulton Nazarboyev uyg’urlarni o’z tomoniga og’dirgan. Ularning ovozini olgan. Uyg’urlar parlamentda katta nufuzga ega. Qozog’iston Xalq Assambleyasining raisi Nazarboyevning o’zi. Uning uch muovini bor. Biri qozoq, ikkinchisi ukrain, uchinchisi esa uyg’ur – usta tadbirkor va siyosatchi Ahmadjon Shardinov.

Bugungi kunda, deydi Shon Roberts, Qozog’iston uyg’urlari Shardinov boshqaruvi ostida. Undan keyingi o’rinda uyg’ur madaniy markazlari, so’ng “jigit beshi” uyushmalari, undan keyin esa mahalla raislari turadi. Yaqin kelajakda bu markaz va mahallalar nohukumat tashkilotlar tuzish niyatida va shu tariqa o’z qudratini mustahkamlash payida.

Uyg'ur ozodlik harakati hozir asosan G'arbdagi muhojirlar tomonidan olib borilmoqda
Uyg'ur ozodlik harakati hozir asosan G'arbdagi muhojirlar tomonidan olib borilmoqda
Ko’plab uyg’urlarga bu tizimning ma’qul tomoni shuki, hukumat ularga o’z-o’zini boshqarish imkoniyatini bergan. Uyg’urlar- terrorchilar, degan asossiz ayblovlar bahram topishi uchun xizmat qiladi. O’qimishli, intiluvchan uyg’urlar davlat organlariga ishga kira oladi. Tirikchilik osonlashadi. Salbiy tomoni, deya tan oladi uyg’ur yetakchilar, Sharqiy Turkiston, Uyg’uriston orzuligicha qolib ketmoqda. Azaliy umidlar so’nib bormoqda. Qozog’iston uyg’urlari G’arbda asoslangan Jahon Uyg’urlari Kongressi va u olg’a surgan talab va g’oyalardan uzoq. Rishtalar uzilgan. Markaziy Osiyoda uyg’urlar nafaqat uzoq xorijdagi balki qo’shni davlatdagi elatdoshlari bilan bemalol aloqa qila olmaydi. O’zbekiston va Qirg’iziston ham minglab uyg’urlarga vatan. Ular ham mahalliy shart-sharoitga bosh egishga majbur, deydi Shon Roberts.

Bugun uyg’urlar dunyo bo’ylab 20 milliondan oshadi, ularning yarmi Xitoyning Shinjon muxtoriyatida yashaydi. Uyg’urlar u yerni Sharqiy Turkiston deb ataydi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG