Breaking News

Xitoy uyg'urlarning siyosiy faolligini cheklashga zo'r bermoqda


Xitoy uyg'urlarning siyosiy faolligini cheklashga zo'r bermoqda
Xitoy uyg'urlarning siyosiy faolligini cheklashga zo'r bermoqda

Xitoy g'arbida joylashgan Shinjon muxtoriyati, uyg'urlar Sharqiy Turkiston deb ataydigan mintaqada bu elat vakillari yangidan siquvga olinmoqda.

Urumchidagi zo'ravonliklardan ikki yil o'tib, hudud yana notinch. Davlat matbuoti xabariga ko'ra, yaqinda Xo'tan shahrida qurollangan kishilar politsiya uchatkasiga hujum qilib, 18 kishi o'lgan.

Politsiya mahkamasiga hujum 18-iyulda amalga oshirilgan. Voqea avvaliga bezorilar ishi, so'ng terror hujumi deya ta'riflandi, keyin esa isyon deb aytildi.

Xorijdagi uyg'ur faollari nazarida aslida to'qnashuv politsiya namoyishchilarni o'qqa tutganidan so'ng boshlangan. Kamida 20 kishi o'lib, 70 nafari hibsga olingan, deydi ular.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Human Rights Watch tashkilotining Gong-Kongdagi xodimi Nikolas Beklinning aytishicha, voqeada noaniqlik ko'p.

"Avval to'rt kishi o'ldi deyishdi, hozir esa 20. Avval odam o'g'irlashlar va portlashlar haqida gapirishdi, hozir esa puxta rejalangan terror xuruji deyishmoqda. Bunaqa qarama-qarshi ma'lumotlardan so'ng davlatga ishonging kelmaydi", - deydi mutaxassis.

Ammo zo'ravonlik bo'lganini inkor etmaymiz, deydi Human Rights Watch vakili.

"Shinjonda zo'ravonliklar yangilik emas. Davlatga qarshi harakatlar bor narsa. Ammo bu Xitoyning uyg'urlarga nisbatan siyosiy bosimiga javob ekanini ham unutmaslik kerak", - deydi Beklin.

Xitoy hududining oltidan biri Shinjondan iborat. Viloyat neft va gaz zaxiralariga boy. Afg'oniston, Pokiston va Markaziy Osiyoga yaqin joylashgan. Ilgari aholisining aksariyati uyg'urlar bo'lgan, so'nggi yillarda ko'plab xitoylar ko'chib borgan. Hukumat ayrim uyg'urlarni bo'lginchilikda ayblaydi. Xitoylar va uyg'urlar o'rtasidagi ziddiyatlar 18-asrga borib taqaladi.

Jorj Vashington universiteti professori, Xitoyga bir necha bor safar qilgan Shon Robertsning aytishicha, terrorga qarshi global urush bahonasida rasmiy Pekin uyg'urlarning siyosiy faolligini qattiq cheklamoqda.

Xo'tandagi voqeada ham Xitoy terrorchilarni ayblab, o'sha zahoti Shinjonga aksil-terror bo'limidan mutaxassislarni yuborgan.

Tahlilchilarning ta'kidlashicha, uyg'ur ekstremistlari o'tmishda xorijdagi terror guruhlari bilan aloqada bo'lgan. Masalan, o'tgan yili bir nechtasi Pokistonda AQSh havo hujumida o'lgan. 11-sentabr xurujlaridan so'ng Guantanamoda saqlangan mahbuslar orasida ham uyg'urlar bo'lgan, ammo terrorchilikka aloqasi isbotlanmay, uchinchi mamlakatga ko'chirilgan.

Human Rights Watch tashkiloti vakili Nikolas Beklinning aytishicha, Xitoy hukumati bunday faktlarni bo'rttirmoqda.

"Politsiya kimnidir terrorchilik gumoni bilan hibsga olib, yonidan chiqqan qurollarni Pokiston yoki Afg'onistonga bog'lashga harakat qiladi. Aslida esa bu o'q-dori mahalliy sharoitda tayyorlangan. Markaziy Osiyo, Pokiston yoki Afg'onistondan olib kelinmagan".

Londondagi Qirol kollejining Radikalizatsiya muammosini o'rganuvchi xalqaro markazi eksperti Raffaello Pantuchchining aytishicha, Xo'tandagi voqealarning terrorizmga aloqasi yo'q. Bu mahalliy aholining hukumat harakatlaridan noroziligi ifodasidir, deydi u.

"Mavjud dalillar asosida bu ishga Pokistonda tayyorgarlikdan o'tib, Xitoyga odamlarini yuborgan uyushgan terror tarmog'i qo'l urgan deb bo'lmaydi", - deydi tahlilchi.

Xitoy davlat matbuoti xuruj sabablari haqida aniq bir narsa demasdan bo'lginchilik kabi umumiy iboralar bilan cheklanmoqda va xorijdagi uyg'ur yetakchilarining zo'ravonliklar namoyishchilarni o'qqa tutishdan so'ng boshlangani haqidagi da'volarini inkor etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG