Breaking News

Uyg'ur faollari: Xitoy istilosi, elatni ezish siyosatiga chidab o'tirmaymiz


Jahon uyg’urlari kongressi rahbari Robiya Qodirni “uyg’ur xalqining onasi” deb ham tanishadi
Jahon uyg’urlari kongressi rahbari Robiya Qodirni “uyg’ur xalqining onasi” deb ham tanishadi

Shinjondan badarg’a qilingan uyg’urlar Yaponiyada yillik anjuman o’tkazmoqda. Muammolar haqida baralla ayta oladigan yetakchilarni tanlash – kun tartibidagi mavzulardan.

Germaniyada asoslangan Jahon uyg’urlari kongressi Xitoyning istilochilik, Shinjon uyg’ur muxtoriyatini ezish siyosatini qoralab keladi. Rasmiy Pekin esa guruhni buzg’unchilikda ayblaydi.

Jahon uyg’urlari kongressi rahbari Robiya Qodirni “uyg’ur xalqining onasi” deb ham tanishadi. Xitoy turmasidan 2005-yilda ozod etilganidan beri Qo’shma Shtatlarda yashaydi.

U 20 dan ziyod davlatdan kelgan 100 dan oshiq uyg’ur faollari bilan besh kun davomida fikr almashadi. Maqsad yangi rahnamolarni tanlab, Shinjon-uyg’ur muxtoriyati taqdiri borasida Xitoy bilan gaplashish strategiyasini aniqlash.

Robiya Qodirning so’zlariga qaraganda, Xitoy hukumatining assimilyatsiya, kichik elatlarni yirik millatlarga qorishtirish siyosati bois uyg’urlar o’zligini yo’qotish xavfi bilan yuzlashmoqda. Rasmiy Pekin, deydi u, iqtisodiy ekspluatatsiya, mahbuslarni sudsiz, tergovsiz qatl etish, uyg’ur xalqi qadriyatlarni oyoqosti qilish kabilarda aybdor.

63 yoshli yo’lboshchi nazarida xalqaro hamjamiyat uchun inson huquqlaridan ko’ra Xitoy bilan savdo afzalroq ko’rinadi. Lekin Yaponiya ushbu anjumanga mezbonlik qilayotgani uyg’ur xalqi yolg’iz emasligidan nishonadir, deydi Robiya Qodir.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xon Ley Yaponiyani tanqid qildi.

Jahon uyg’urlari kongressi o’zini Xitoyga qarshi qo’yib keladi, deydi rasmiy. Separatist va terrorchi tashkilot. Yaponiya uyg’urlarning bunday uyushmasiga eshiklarini ochib bergani ayanchli, deydi Xon Ley.

Uyg’ur-Amerika uyushmasi vitse-prezidenti va direktori Olim Seitoffning aytishicha, 1949-yilda kommunist Xitoy Sharqiy Turkistonni istilo qilganidan beri uyg’urlar siyosiy taqdiri havoda muallaq qolmoqda.

Xitoy hududni Shinjon, ya’ni “yangi hudud” deya qayta nomlab, muxtor regionga aylantirgan.

Seitoffning so’zlariga qaraganda, 60 yildan oshibdiki, muxtoriyat hamon quruq gap, qog’ozdagi ibora. Ayrim uyg’urlar mustaqillik va erkinlik talab qilsa, boshqalar rasmiy Pekin bilan muzokaraga moyil.

“Xitoyda siyosiy islohotlar amalga oshiriladi, inson huquqlari qadrlanadi, uyg’ur, tibetliklar haqqi tan olinib, dardimizga quloq soladigan arboblar topiladi degan umiddamiz. Siyosiy yechimlar topiladi, erkin, tinch-osuda hayot kechiriladi”, - deydi Seitoff.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG