Xitoy tarkibidagi Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatidagi bugungi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vaziyatni muhokama qilish maqsadida “Jahon Uyg’urlari Kengashi” poytaxt Vashingtonda bir haftalik anjuman o’tkazdi.
Tashkilot rahbari Robiya Qodirning aytishicha, bunday uchrashuvlardan maqsad Tibet va uyg’ur o’lkasidagi asl ahvolni Amerika hukumatiga va xalqiga tushuntirish.
Biroq Qirg’iziston va Qozog’iston rasmiylari, deydi Robiya Qodir, mahalliy uyg’urlarning anjumanda qatnashishiga to’sqinlik qilgan.
Shinjonga chegaradosh Qozog’iston va Qirg’iziston minglab uyg’urlar uchun vatan.
Ahmadjon Mahamadjonov O’sh shahri yaqinidagi Qashg’ar-Qishloqda tug’ilgan. Butun umrini qishloq xo’jaligiga bag’ishlagan, taniqli mutaxassis va rahbar bo’lgan. Hozirda nafaqada.
Ushbu qishloqqa bir paytlar Sharqiy Turkiston deb atalmish diyordan kelib qolgan uyg’urlar asos solgan.
“Kasbim muhandis. Ilk uyg’urlar Xitoyning Qashg’aridan kelib qolgan. Hozirda bu yerdagi millatlar bilan aralashib yashayapmiz”, - deydi Ahmadjon aka.
Qirg’izistonda 50 mingdan ziyod uyg’urlar istiqomat qiladi, deb aytiladi. Asosan qishloq xo’jaligi, savdo-sotiq, hunarmandlik bilan mashg’ul bu el mahalliy qirg’iz va o’zbeklar bilan kirishib ketgan.
O’sh viloyat uyg’ur milliy-madaniy markazi rahbari Hamrojon O’rinboyevning aytishicha, uyg’urlar Qirg’izistonda yashovchi boshqa elatlar qatori mamlakat farovonligi uchun o’z sa’y-harakatlarini ayamaydi.
“Olimlarimiz, shifokorlarimiz, uchuvchilarimiz ham bor. Qirg’iziston bizning vatanimiz. Bu yerning tabiiy sharoitlari, iqlimi judayam yaxshi. Bunday davlat, menimcha, dunyoda kam bo’lsa kerak”, - deydi Hamrojon O’rinboyev.
Uyg’ur milliy-madaniy markazi o’tgan asrning 90-chi yillarida Qirg’iziston Xalq Assambleyasi tarkibida tashkil etilgan.
“Bishkekda “Ittifoq” deb atalmish uygur milliy-madaniy markazi bor. 1991 yili biz ham o’sha markazning bo’limi o’laroq faoliyatimizni boshlaganmiz. Keyinchalik uyushmamizga qashg’arlik shoshmaqomlar yozuvchisi Omon Isohon nomini berganmiz. Asosan, uyg’urlarning urf-odatlarini, milliy qadriyatlarini saqlab qolish uchun qo’ldan kelgancha harakat qilmoqdamiz”, - deydi Hamrojon O’rinboyev.
“Yaqinda poytaxtda uyg’urlarning qurultoyi bo’lib o’tdi. U yerda ko’rilgan masalalardan biri – Qirg’izistonda turli millatlar orasidagi do’stlikni, birodarlikni yo’lga qo’yish choralari. Ushbu muammolarni biz ham o’z jamoamizda ko’rib chiqib, odamlarga to’g’ri yetkazishga urinmoqdamiz. Qirg’izistonlik bo’lganimiz uchun davlat tilini o’rganishimiz kerak. Ayni paytda uyg’ur tilini ham unutmaslik darkor. Shu bois mahalliy maktabimizda yangi o’quv yilidan e’tiboran boshlang’ich sinflar uchun qo’shimcha darslar tariqasida uyg’ur tilini ularga o’rgatmoqchimiz. Hozir biz adabiyotlar, darsliklar kutayapmiz”, - deya davom etadi Hamrojon O’rinboyev.
Mustaqillik yillari chegaralar ochilib, qirg’izistonlik uyg’urlar ona vatan bilan aloqalarni tiklay boshlagan. Hamrojon O’rinboyev o’zi ham ona-vatanini ziyorat qilib kelgan.
“Hamqishloqlarimiz Xitoyning Qashg’arida, Urumchisida, boshqa joylarda juda ko’p. Qarindoshlari, ba’zi birlarning hattoki ota-onalari ham bor. Ko’pchilik borib u yerdagi hayot bilan tanishib kelmoqda”, - deydi u.
“Qarindoshlik aloqalari, bordi-keldi juda yaxshi bo’lib qolgan. Mana ikki davlat orasida avtobuslar ham qatnaydi. Mahallamizda uch-to’rt oila bor. Ular har doim Xitoyga borib, tovarlar olib kelishadi. Bundan keyin ham bunday aloqalar rivojlanaversin, elimiz, yurtimiz tinch bo’lsin”, - deya duo qiladi Ahmadjon aka.
Qirg’iziston uyg’urlari qo’shni Xitoy hayotini katta qiziqish bilan kuzatib boradi. U tomondagi iqtisodiy o’sishdan xursandlik izhor qiladi. Ayni paytda siyosiy masalalarga munosabat bildirishda ehtiyotkorlik ko’rsatadi.
“Har qanday bir millat qaysi bir davlatda yashamaganidan qat’iy nazar o’sha davlatning bosh qomusi, qonun-qoidalariga rioya qilishi kerak. Urumchida bo’lib o’tgan voqealarda katta qon to’kildi. Albatta, bu achinarli holat. Bunday ishlarga yo’l qo’ymasligimiz kerak”, - deydi uyg’ur milliy-madaniy markazi rahbari Hamrojon O’rinboyev.
O’z tarixi davomida boshidan ko’p narsani o’tkazgan uyg’urlar faqat tinchlik, totuvlik istashini aytishadi.