Breaking News

Qirg'izistonda rus aholi tinchlik va farovonlik yo'lida xizmat qilishga tayyor


Qirg'iziston janubida yaqin yillargacha slavyan elatlariga mansub qariyb 200 ming kishi yashar edi
Qirg'iziston janubida yaqin yillargacha slavyan elatlariga mansub qariyb 200 ming kishi yashar edi

Sovet Ittifoqi parchalanib ketgach yosh mustaqil davlatlarda olg'a surilgan milliy mafkura va siyosat hamda turli ijtimoiy-iqtisodiy omillar tufayli millatchilik kayfiyati avj oldi. Ozchilikdagi elatlarga nisbatan bosim kuchaydi.

Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari singari Qirg’izistonda ham turli millat va e’tiqod vakillar yashaydi.

Mamlakat janubida o’tgan yili ro’y bergan etnik nizolar keng muhokama qilinar ekan, bunday voqealar yana takrorlanmasligi nima qilmoq zarur degan savol dolzarbligicha qolmoqda.

Ziyolilar nazarida zamon regional birdamlik va hamkorlik talab qilmoqda. Avvalo mintaqadagi milliy nizolarga chek qo’yish kerak.

Rus aholi oxirgi yillarda juda kamaydi
Rus aholi oxirgi yillarda juda kamaydi

Yaqinda O’shda o’lkadagi rus jamoalari vakillarining yig’ini bo’lib o’tdi. Anjuman qatnashchilari Janubiy Qirg’izistondagi rus aholisi hayoti va muammolarini muhokama qildi.

Qirg’izistonda 40 dan ziyod rus jamoatchilik tashkilotlari mavjud bo’lib, ular asosan millatdoshlar huquqlarini himoya qilish, madaniyat, iqtisodiyot va ta’lim sohalarida ko’mak ko’rsatish bilan mashg’ul.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan mutaxassislarning aytishicha, bir paytlar ruslar Qirg’iziston aholisining 21 foizini tashkil qilgan. Hozirga kelib ular qariyb uch barobar kamaygan. Masalan, Janubiy Qirg’izistonda bir necha yillar oldin 200 ming rus yashagan bo’lsa, bugun ularning o’ndan bir qismi qolgan.

Jalol-Oboddagi slavyan diasporasi assotsiatsiyasi rahbari Valeriy Uleyev deydiki, tobora ozayib borayotgan ruslar jamoatchilik tashkilotlariga tayanch va madad sifatida qaraydi.

“Masalan, viloyatimizda Jalol-Obod shahri bilan birga olganda, faqatgina sakkiz yarim ming rus qolgan, xolos. Axir ular ham inson. Ular g’amxo’rlik va ko’makka muhtoj. Tabiiyki, ular bizga o’xshagan tashkilotlarga murojaat qiladi. Bunday tashkilotlarsiz odamlarning holi achinarli bo’ladi”, - deydi suhbatdosh.

O'shdagi pravoslav cherkovida ibodat
O'shdagi pravoslav cherkovida ibodat

O’lkada rasmiy til hisoblangan rus tilining mavqei pasaygan, maktablarda ta’lim sifati tushib ketgan va ko’pchilik o’z kelajagini bu o’lkada ko’rmaydi.

“Muammolar talay. Ruslar oz qoldi. Mintaqaning ijtimoiy-siyosiy hayotiga hissamiz qariyb sezilmaydi. Ikkinchi masala - rus tili va madaniyatini saqlab qo’lish. Bu borada Rossiya bizga yanada faolroq ko’mak ko’rsatishini xohlardik”, - deydi Valeriy Uleyev.

Rossiyada xorijdagi vatandoshlarni qo’llab-quvvatlash davlat dasturi mavjud bo’lib, Qirg’izistonda ham ushbu dastur doirasida turli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Rossiya Federatsiyasining O’shdagi Bosh konsuli Sergey Barsukovning aytishicha, hozirgi dastur uch yilga mo’ljallangan bo’lib, 20 yo’nalishni o’z ichiga oladi.

“O’shdagi Bosh konsullikning to’qqiz yillik faoliyati davomida faxriylarga uch million so’mlik ko’mak ko’rsatildi. Bayram kunlari sovg’a-salomlar topshiriladi”, deydi diplomat.

Shunisi ma’lumki, mintaqa maktablarida rus tilida 1,5 million nusxa darslik yetishmaydi.

“Biz Biskekdagi vatandoshlar gildiyasi bilan birgalikda darsliklar chiqarish bo’yicha loyiha tayyorladik. Buning uchun 300 ming AQSh dollari sarflanadi”, deydi Sergey Barsukov.

Aytish joizki, yangi darsliklar Qirg’iziston ta’lim standartlariga moslashtirilgan bo’lib, ularni mahalliy bosmaxonalarda chop etish ko’zda tutilgan.

O'tgan yilgi qirg'in, o'zbeklar qanchalik aziyat chekkani, ruslarni ham dahshatga soldi, deydi faollar
O'tgan yilgi qirg'in, o'zbeklar qanchalik aziyat chekkani, ruslarni ham dahshatga soldi, deydi faollar

Jalol-Oboddagi slavyan diasporasi assotsiyatsiaysi rahbari Valeriy Uleyev fikricha, o’tgan yilgi millatlararo to’qnashuvlar mintaqadagi barcha milliy ozchilik ruhiyatiga va ongiga jiddiy ta’sir qilgan.

“Hozir hamjamiyatlar o’z qobig’iga o’ralib, o’z-o’zi bilan bo’lib qolgan. Hadik, qo’rquv mavjud. Milliy markazlar va jamiyatlar do’stlikni madh etuvchi har xil tadbirlar o’tkazmoqda… Lekin ozchilikdagi elatlarning hayoti va tashvishlari hukumatni qiziqtirmayotganday tuyuladi”, - deydi suhbatdosh.

Rus jamoatchilik tashkilotlari odamlarning Rossiyaga, imkoniyatlar maydoni kengayib borayotgan yurtga, ko’chishini to’xtatib bo’lmaydi deb hisoblaydi.

Ammo shu bilan birga, deydi Valeriy Uleyev, rus aholi Qirg’ziston ravnaqi, barqarorligi va millatlararo totuvlik yo’lida o’z xizmatini ayamaydi.

XS
SM
MD
LG