Breaking News

"Qayrilmanlar" tarixiy vatanga qaytishni istaydiyu, lekin ...


"Qayrilmanlar" tarixiy vatanga qaytishni istaydiyu, lekin ...
"Qayrilmanlar" tarixiy vatanga qaytishni istaydiyu, lekin ...

Yaqinda mustaqillikning 20 yilligini nishonlaydigan Markaziy Osiyo respublikalarida chet eldagi vatandoshlar ishtirokida “milliy anjuman”lar o’tkazish odat tusiga kirmoqda.

Qurultoyda ular ona yurtdagi muammolarni muhokama qilib, taraqqiyotga hissa qo’shishga, iloji bo’lsa qaytish uchun zamin hozirlashga harakat qilishadi.

Qo’shni Qozog’iston kabi Qirg’iziston ham xorijdagi millatdoshlarning tarixiy vataniga qaytishi uchun shart-sharoit yaratishga harakat qilmoqda. Ayni maqsadda o’tgan asr oxirida maxsus davlat dasturi ishlab chiqilgan.

Vatanga qaytayotganlarni “qayrilmanlar” deb aytishadi.

Zoid Tamer bir necha yil avval Turkiyadan ko’chib kelgan. Hozirda u baland tog’lik Chon-Oloy tumanida istiqomat qiladi.

“Men Qirg’izistonga 2002 yili kelganman. Qarindoshlarim orasida yaxshi yashab yuribman. Ular meni hurmat qilishadi, qo’llashadi. Ikki o’g’lim va uch qizim bor. Bir qizim men bilan birgalikda. Ikkisi esa Turkiyada qolgan. Bu yerga kelganimdan xursandman”, - deydi Zoid Tamer.

Zoid aka hozircha ishsiz. Vatanga qaytmoqchi bo’lgan ko’plab insonlarni biladi. Ammo yo’lga otlanish oson emas.

“Bu yerda hozircha ish yo’q. Turkiyadagi ko’plab millatdoshlarimiz vataniga kelish niyatlari bor. Axir ularning bu yerda ko’plab qarindoshlari kutayapti. Ammo bir qancha muammolar ham yo’q emas. Yo’l kirasi qimmat, bu joyda uy, ish bo’lishi kerak”, - deydi u.

O’z paytida vatanga asosan tojikistonlik qirg’izlar qaytgan. Bu o’lkadagi fuqarolar urushi jarayonni kuchaytirgan. Keyinroq ko’p bo’lmasada O’zbekiston va boshqa mamlakatlardan ham ko’chib kelayotganlar kuzatilgan.

"Qayrilmanlar" tarixiy vatanga qaytishni istaydiyu, lekin ...
"Qayrilmanlar" tarixiy vatanga qaytishni istaydiyu, lekin ...

“Farg’ona vodiysi chegara bilmas yuristlari” deb nomlangan jamoatchilik jamg’armasi bir necha yildan buyon vatanga qaytib kelayotgan xorijlik millatdoshlar masalalari bilan shug’ullanadi.

Jamg’arma xodimi Toqtosun o’g’li Qanibekning aytishicha, oxirgi yillarda ko’proq O’zbekistondan ko’chib kelish niyatini bildirganlar murojaat qilmoqda.

“Murojaat qilganlarning asosiy qismini etnik qirg’izlar tashkil qiladi. Ular qonun bo’yicha qayrilman hisoblanadi. Biz qayrilmanlar masalalarini yechishda vazirliklar, ayrim davlat tizimlari bilan tig’iz faoliyat olib boramiz. Ular bilan memorandum tuzganmiz. Bizga murojaat qilganlarga nafaqat huquqiy maslahat, balki rasmiy qog’oz ishlariga ham ko’mak beramiz. Kerak bo’lsa, masala talash-tortishga ketayotgan bo’lsa, sudda ularning haq-huquqlarini ham himoya qilamiz. Bunday sa’y-harakatlarni bizning tashkilotimiz o’nlab yillar davomida yurgizmoqda”, - deydi Toqtosun o’g’li Qanibek.

Asosiy muammolardan biri – ko’chib kelayotganlarning fuqarolik olish masalasidir.

“Masalan, Tojikiston bilan yengillatilgan tartibda, ya’ni uch oyda fuqarolik berish masalasini hal qilish kelishuvi tuzilgan. O’zbekiston bilan esa bunday kelishim yo’q. Shu bois Qirg’izistonga ko’chib kelgan odamlar uzoq yillar davomida rasmiy hujjat ololmayotir. Ayni paytda ishga o’rnashish, davlatdan moddiy ko’mak olish masalalari qonun borasida yechilgan bo’lsada, amalda ishga oshmagan”, - deydi suhbatdosh.

Aytish joizki, hozirda qayrilmanlar masalasi bilan ko’proq nodavlat uyushmalar mashg’ul bo’lib, ular bu o’rinda qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda.

Qirg’izistonda barqarorlik hukm surgan paytlar mahalliy davlat tizimlari vatanga qaytayotganlarni rag’batlantirish masalasini tez-tez ko’tarib turardi.

Jumladan afg’on qirg’izlarini ko’chirish g’oyasi olga surilgan. Ular uchun iqlimi o’xshash tog’ hududlarida joy ham ajratilgan edi. Ammo afg’on qirg’izlari ko’chish qaroridan voz kechgan.

Mutaxassislar nazarida mamlakatning hozirgi ahvoli va mavqei xorijdagi vatandoshlarning ko’chib kelish niyatlarini kuchaytirmaydi.

Shunga qaramay millatdoshlarni vataniga qaytarish dasturi amalda qolayotir va kelajakda o’z samarasini berishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG