<!--AV--
Sovet Ittifoqi parchalanganidan so’ng yangi mustaqil davlatlarda olg’a surilgan milliy mafkura va siyosat, turli ijtimoiy-iqtisodiy omillar tufayli ayrim respublikalarda “millatchilik” kayfiyati avj oldi. Hukumatlarning ozchilikdagi elatlarga munosabati o’zgardi.
Masalan, Qirg’izistonda so’nggi 20 yilda ikki bor yirik etnik to’qnashuvlar ro’y berdi. Ayni damda bunday nizolar qayta takrorlanmasligi uchun jamoalararo yarash dasturlari amalga oshirilmoqda.
Janubiy Qirg’izistonda tojiklar azaldan qirg’iz va o’zbeklar bilan yonma-yon yashab kelgan. Aytaylik, mashhur “Manas” eposida qirg’iz va tojik xalqlari do’stligiga bag’ishlangan satrlar mavjud.
Qirg’izistonda qariyb 50 ming tojik istiqomat qilayotgan bo’lib, ular asosan Botken va O’sh viloyatlarida joylashgan.
O’sh viloyat “Dusti” tojiklar jamiyati rahbari Holiqnazar Alinazarov aytishicha, tojiklarning yirik qismi Botkenning Uch-Qo’rg’on hududida yashaydi.
“Ahillikda yashayapmiz. Qirg’izlar va tojiklar asrlar davomida qondosh-qarindosh bo’lib kelgan. O’sh viloyatida tojiklar aksar qishloq hududlarida yashaydi va qishloq xo’jaligi bilan mashg’ul. Turmush sharoitlari yaxshi, barcha kabi o’z yer ulushlari bor, turli ekinlar ekib, hosil olishadi”, - deydi “Dusti” jamiyati rahbari Holiqnazar Alinazarov.
Janubiy Qirg’izistonda asosan Xo’jand va Tog’li Badahshon tojiklari yashab keladi. “Dusti” tojiklar jamiyati milliy-madaniy qadriyatlarni, ona tilni saqlash yo’lida qator ishlar olib bormoqda.
“Aytaylik, Uch-Qo’rg’onda olti tojik maktabi bor. Har yil Tojikiston bizga tojik tilidagi darsliklar yetkazib bermoqda, yoshlarimiz uchun oliy o’quv yurtlarida joy ajratishayapti, imkon qadar ko’mak ko’rsatishayapti”, - deydi suhbatdosh.
Ayni paytda Qirg’iziston tojiklari bilim va ta’lim sohasidagi yechilmagan masalalarni urg’ulaydi.
“O’shda tojik tilida maktab yo’qligi bois, farzandlarimiz qirg’iz va rus maktablarida o’qishadi. Uyda albatta ona tilda so’zlashamiz. Qolaversa, jamiyatimiz qoshida haftada bir kun faoliyat ko’rsatuvchi ona til kursi ochganmiz”, - deydi Holiqnazar aka.
O’shdagi boshqa milliy-madaniy markazlar qatori, tojik jamiyati ham mablag’ yetishmasligidan shikoyat qiladi.
O’sh viloyat tojiklar jamiyati Qirg’iziston Xalqi Assambleyasining mahalliy bo’limi tarkibida faoliyat yuritadi. Bo’lim rahbariyati ushbu jamiyat sa’y-harakatlarini ta’kidlar ekan, unga yanada faollik tilaydi.
“Tojiklar chiniqqan, mehnatkash, o’zini obruvini saqlagan halq. Uch-Qo’rg’on tojiklaridan farqli o’laroq shahrimizda 9 minga yaqin Tog’li Badaxshon tojiklari bor. Ular oz sonligidan mi, o’zga mentalitetga egaligidan mi ko’p vaqtlarda jamoa ishlarida unchalik faol emaslar. Tojiklarning asosiy maqsadi – tinch, osoyishta yashab, tirikchilik o’tkazish”, - deydi zikr qilingan Assambleyaning boshlig’i muovini Po’lat Sobirov.
Qirg’izistonni o’z vatani, deb hisoblagan mahalliy tojiklar o’lka farovonligi uchun o’z mehnatini ayamasligini aytadi. Shu kunlarda “Dusti” jamiyati Qirg’iziston mustaqilligining 20 yilligi bayram tadbirlariga tayyorlanmoqda.