Bishkekdagi uyg’ur jamoasi faollari bugun Xitoy elchixonasi binosi qarshisida norozilik namoyishi o’tkazib, Xitoy hukumatidan uyg’ur xalqiga qarshi qirg’inni to’xtatishni va ozodlik talab qilgan.
Asosan qariyalardan iborat bo’lgan uyg’ur faollari “Husayn Jalil qamoqdan chiqarilsin!”, “Uyg’urlarga ozodlik berilsin!”, “Yashasin demokratiya!”, “Yashasin erkinlik!” shiorlari bilan Xitoy hukumati siyosatiga nisbatan o’z noroziliklarini izhor qilgan.
Tursun Islom Bishkekdagi uyg’ur jamoasi faollaridan biri. U inson huquqlarini himoya qilish bilan shug’ullanadigan “Demokratiya” nodavlat tashkilotining rahbari.
“Xitoylar mustamlaka siyosatini olib borish bilan uyg’urlarni jismonan qirib tugatishga harakat qilmoqdalar. [Sharqiy Turkistonga Xitoy hukumati] xitoylarni ommaviy ravishda ko’chirib kelyapti,” - deydi Tursun Islom.
Tursun Islomning aytishicha, namoyish O’zbekiston hukumati tomonidan uyg’ur imomi Husayn Jalilning Xitoy rasmiylariga topshirilishi, huquq himoyachisi Robiya Qodir farzandlarining Xitoy rasmiylari tomonidan avaxta qilinishiga qarshi norozilik o’laroq uyushtirilgan.
“Uyg’ur dissidentlari ko’p. Nafaqat Husaynjon Jalil, Robiya Qodir, balki boshqa uyg’ur faollari ham Xitoy hukumati tomonidan tazyiqlarga uchramoqda. Yozuvchi Nurmuhammad Yosin 10 yil qamoq jazosiga hukm qilindi, Abdug’ani degan jurnalist, uyg’urlarning tarixini o’rganayotgan To’xta Niyoz degan arxeolog qamoqda o’tiribdi. O’nlab dissidentlar bor,” – deydi Tursun Islom.
27 mart kuni O’zbekistonda hibsga olingan Husayn Jalil Xitoyda uyg`ur ozodlik harakatining faollaridan biri bo`lgan va o`z siyosiy faoliyati uchun qamoqqa tashlangan. U yerda qiynoqqa solingan va keyinchalik qochishga muvaffaq bo`lgan.
Jalil birmuncha Turkiyada yashab, keyin Kanadaga ko'chgan va o'tgan yili bu davlat fuqaroligini qabul qilgan. O’zbekiston Husayn Jalilni iyun oyi oxirida Xitoyga ektradisiya qilgan. Uyg’ur faollari imom Xitoy qamoqxonasida qiynoqqa solinishidan xavotir bildirmoqdalar.
Uyg’ur inson huquqlari himoyachisi, hozirda AQShda yashayotgan Robiya Qodirning farzandlari esa Xitoy rasmiylari tomonidan soliq to’lamaganlik bahonasida qamoqqa olingan. Norozilik namoyishi ishtirokchilarining aytishicha, Xitoy hukumati 2005 yilda avaxtadan chiqqan Robiya Qodirning siyosiy faoliyatiga chek qo’yish uchun uning farzandlaridan foydalanmoqda.
“Xitoy hukumati uyg’ur xalqining ozodligi uchun kurashayotgan tashkilotlar a’zolarini, yigit-qizlarimizni qamamoqda, qiynoqqa solmoqda,” – deydi Tursun Islom.
Uyg’ur jamoasi faollarining talablari bugun mahalliy mirshablar vositasida Bishkekdagi Xitoy elchixonasi xodimlariga topshirildi. Talablar Xitoy rahbari Xu Tsintao nomiga bitilgan.