Breaking News

AQShdan uyg'ur masalasida Xitoyga ishonmaslik so'ralyapti


Ba'zi mutaxassislarga ko'ra, 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan so'ng terrorga qarshi boshlangan global urush natijasida begunoh insonlar ham jabr ko'rgan. Guantanamodagi uyg'ur mahbuslar shular qatoriga kiradi. Aybsiz ekani aniqlangan bo'lsada, 7 yil umrini qamoqda o'tkazishga majbur bo'lgan. Shu kunlarda uyg'urlar Guantanamodan ozod etilib, boshqa davlatga ko'chirilmoqda. Xitoy ularni Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatiga a'zolikda ayblab, AQShdan unga berilishini talab qiladi.

Ammo Birlashgan Millatlar Tashkiloti va AQSh tomonidan terrorchi tashkilot deb tan olingan ushbu guruhning bor-yo'qligi, unga yuklangan terror xurujlarining haqiqatda amalga oshirilgani so'nggi paytda shubha ostiga qo'yilmoqda. Kecha Kongressdagi tinglovda ishtirok etgan aksariyat tahlilchilar AQSh hukumatini tashkilotga nisbatan siyosatini qayta ko'rib chiqishga chaqirgan.

Xitoy hukumati Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatini mamlakatda qator xurujlarni uyushtirgan deya ko'plab uyg'urlarni unga a'zolikda ayblab qamoqqa tashlamoqda va qatl etmoqda. Ammo uyg'ur faollari bunday tashkilot yo'q, Xitoy uydirmasi, bo'lsa ham uning harakat doirasi bo'rttirilgan deydi.

Massachussets shtatidan demokrat kongressmen Uilyam Delaxantning (William Delahunt) aytishicha, Qo'shma Shtatlar guruhni terrorchi tashkilot deb belgilayotganida Xitoy razvedkasidan olingan ma'lumotga tayanib ish tutgan.

"Biz kommunist tuzumdan olingan shubhali ma'lumotni jiddiy qabul qilganmiz," deydi Delaxant.

Kaliforniya shtatidan respublikachi kongressmen Dana Rorabaker (Dana Rorabacher) o'z partiyadoshlari va Bush ma'muriyatini begunoh uyg'urlarni Guantanamoga qamashda Xitoy uydirmasiga uchganlikda ayblaydi.

"Bu AQShning terrorga qarshi kurash va Iroqqa qarshi urushda Xitoydan siyosiy madad olish maqsadida qilingan ish bo'lgan," deydi qonunchi.

Har ikki kongressmen AQSh razvedkasi faoliyatini tanqid ostiga olib, bo'rttirilgan dalillar asosida Iroqda atom qurollarining borligi va Saddam Husayn tuzumining al Qoida guruhiga aloqadorligiga tegishli ma'lumotlar o'z tasdig'ini topmaganini eslatib o'tdi.

Jorj Vashington universiteti professori Shon Robertsning (Sean Roberts) aytishicha, uyg'urlarning ozodlik harakatidan cho'chigan rasmiy Pekin ularni bo'lar-bo'lmasga terrorchilikda ayblashni odat qilib olgan.

"Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati hech qachon yirik, keng ko'lamli tashkilot bo'lmagan. Uyg'urlar ozodligi uchun kurashayotgan ko'plab guruhlar safiga kirmagan," deydi professor Roberts.

Uning aytishicha, uyg'urlarning so'nggi 8 yil mobaynida terrorchi tamg'asi ostida Xitoy tomonidan ta'qib etilishiga terror xurujlari yoki zo'ravonliklar emas, ularning siyosiy faolligi sabab bo'lgan.

"Xitoy da'volariga qaramay uyg'ur tashkilotlarining Xitoy ichkarisi yoki tashqarisida yirik terror xurujini uyushtirganiga doir birorta dalil yo'q. Ozodlik yo'lida zo'ravonliklar kuzatilgan bo'lsada, suiqasd xurujlari kabi terror uslublaridan foydalanilmagan. Bu esa ularning xalqaro terror guruhlariga aloqasi yo'qligiga yaqqol dalildir," deydi Shon Roberts.

Mintaqani so'nggi 25 yildan beri kuzatayotgan, Xitoyga bir necha bor safar qilgan tahlilchi Dru Gladni (Dru Gladney) rasmiy Pekinni uyg'urlar ozodlik harakatiga diniy tus berayotganlikda ayblaydi.

"Tibet ham Sharqiy Turkiston kabi o'z mustaqilligi uchun kurashayotgan bo'lsada, tibetliklarni hech kim terrorchi deb atayotgani, diniy ekstremizda ayblayotgani yo'q," deydi professor Gladni.

Kongressdagi tinglovda ishtirok etgan qonunchi va tahlilchilar Obama ma'muriyatini Sharqiy Turkistonga tez-tez safar qilib, u yerdagi vaziyat bilan yaqindan tanishishga, uyg'urlar ozodlik harakati yetakchilari bilan muntazam muloqotda bo'lishga, Xitoy hukumati uzatayotgan axborot va ma'lumotlarni sinchkovlik bilan tekshirishga da'vat etdi.

XS
SM
MD
LG