O`zbekiston uyg`urlari kimlar va ular bugunda qanday hayot kechirmoqda? Mahalliy faollarning aytishicha, jamoa O’zbekistonda tobora kichrayib bormoqda. Asosiy sabab, deyarli har bir jamoa va xonadonga xos muammo- moddiy yetishmovchilik.
Uyg`urlar O`zbekiston hududida azaldan mahalliy xalqlardan biri sifatida yashab kelishgan. Tarixda ularni ko`proq qashg`arliklar deb atashgan. O`zbekiston hududida uyg`urlarning ommaviy ko`chib kelishi XVIII-XIX asrlarga, Sharqiy Turkistonda Xitoy mustamlakasiga qarshi boshlangan kurashning bostirilishi davriga to’g’ri keladi.
Uyg`urlarning Markaziy Osiyoga ko`chishlarining yangi bosqichi XX asrning 50-60- yillarida kuzatilgan. Sobiq ittifoq davrida kuzatilgan bu ko`chish ham uyg`ur ozodlik harakati bilan bo`gliq ko`riladi.
O`zbekistonda uyg`urlar XX asrdan boshlab siyosiy harakat yuritgan. Toshkentda “Sharq haqiqati”, “Kun chiqar haqiqati ” nomi ostida uyg`ur tilida gazetalar nashr qilingan, uyg`ur tilida o`qish, bilim olish uchun darsliklar chiqarilgan. 1921 yilda Toshkentda o`tgan uy`gurlar milliy quriltoyida Sharqiy turkistonliklarning barchasini avvalgidek uyg`urlar deb atash qaroriga kelingan. Bungacha ular qashg’arliklar, yorkentliklar kabi jugrofiy kelib chiqishiga qarab belgilangan.
Bu tarix O`zbekistonda uyg`urlar o`z milliy qadriyatlari uchun izchil faoliyat yuritganidan dalolat beradi. Hozirgi paytda O`zbekistonda uyg`ur tilida chop etilayotgan nashr yoki darsliklar yo`q. Jamoaning siyosiy faoliyati ham ko`zga tashlanmaydi.
Toshkentdagi Uyg`ur milliy madaniy markazi raisi Sulton To`xtamovga ko`ra ayni paytdagi asosiy masala uyg`urlar sonining kamayishini oldini olish va milliy qadriyatlarini tiklashdir.
“Bolalarimizning tili o`zbekcha yoki ruschada chiqyapti. Uyg`urlar zich yashaydigan joylarda yoshlarimiz tilni saqlab qolgan. O`zbeklarga bo`lgan moyillik ham uyg`urlar sonini kamayishiga olib kelmoqda. 1937-1938 yillardagi qatag`on davrlari ham uyg’ur yetakchilarining ko`pini olib ketgan. Xitoydan kelgan uyg’urlarni, keyinchalik yerlik uyg`urlarni qamashlar boshlangan. Ularga nisbatan Shinjon viloyatini Xitoydan ajratib olish aybi qo`yilgan. Shu qatag`onlar davrida ham ko`pchilik uyg`urlar o`zlarini o`zbek deb ko`rsatib, jon saqlab qolgan”, - deydi Sulton To`xtamov.
O`zbekistonda tarixda ham, hozirda ham qancha uyg`urlar yashagi haqida aniq ma`lumotlar yo’q. Sulton To`xtamov hozirgi paytda rasman 50 mingga yaqin uyg`ur borligini aytadi, norasmiy raqam esa 200 ming atrofida.
Tarixda ular soni ko`payib-kamayib turgani qayd etiladi. Hozir milliy qadriyatlar targ`iboti, darsliklar chiqarish kabi harakatlardagi asosiy muammo moddiy ta`minotga borib taqaladi.
Sulton To`xtamovga ko`ra milliy qadriyatlarni tiklash, uy`gur tilidagi darsliklarni chop ettirish, buni yoshlarga yetkazish orqaligina uyg`urlar sonining kamayishini oldini olish mumkin. Bu ishlarni boshlash uchun esa hech bo`lmasa boshlang`ich mablag` kerak bo`ladi.
“O`zbekistonda ruslar madaniy markazini Rossiya, turklarnikini Turkiya qo’llab-quvvatlaydi. Biz Shinjonga bu haqda murojaat qilganimiz yo`q, ular ham hech narsa deyishmagan. Hozirda Xitoy elchixonasi turli tadbirlarga chaqirib turadi. Ehtimol keyinchlaik yo`lga tushib ketar”, – deydi madaniy markaz raisi.
Uyg’urlar O`zbekistondan farqli o’laroq Qozog`iston va Qirgizistonda siyosiy jihatdan ancha faol. Sulton To`xtamovga ko`ra bu narsa O`zbekistondagi uyg`ur jamoasining o`ziga bog`liq.
To`xtamovga ko`ra uyg`urlar O`zbekistondagi siyosatdan rozilar va Shinjon Uyg`ur avtonomiyasi bilan aloqalar tiklanib borayapti. Yaqinda Shanxay Hamkorlik Tashkilotininng Shanxayda o`tgan sammitidan so`ng Qirgizistondagi uyg’urlar jamoasi tashkilot faoliyati uyg`urlarga nisbatan bosim kuchayishga xizmat qilayotganini ta’kidlagan edilar.
Sulton To`xtamov nazarida O`zbekiston yoki boshqa qo’shni davlat rahbarlarining Xitoyga uyg’urlar masalasiga e`tibor ber deyishlari Xitoyning ichki ishlariga aralashish bo`lishi mumkin va hozir bunga ehtiyoj yo`qdek.
Uyg`ur milliy madaniy markaz raisi yaqinda O`zbekistonda hibsga olingan, ayrim manbalarda uyg`ur ozodlik harakati faollaridan biri ekanligi ta`kidlanayotgan Husayn Jalil borasida eshitmaganligini ta`kidlaydi.
Kuzatuvchilarga ko`ra o`tgan asr boshlarida siyosiy izchilligi kuzatilgan uyg`urlar jamoasining bugungi ahvoli O`zbekistonga xos bo`lgan vaziyat - erkin fikrga nisbatan bosim, ochiq fuqarolik jamiyatining yo`qligi bilan bog’liq.