Xitoy hukumati Jazoirdagi fuqarolarini ogoh bo’lishga chaqirmoqda. Yaqinda al-Qoida guruhi Urumchida ro’y bergan qonli voqealar ketidan, uyg’urlar uchun o’ch olamiz, deb bayonot chiqargan.
Rasmiy Pekin xorijdagi vakolatxona va kompaniyalarni xushyor bo’lishga undamoqda.
Bu orada Xitoy hukumati Avstraliyada o’tayotgan film festivalida, uyg’urlar hayotini aks ettuvchi xujjatli film qatnashmasin deb, anjuman tashkilotchilariga bosim o’tkazgan.
Rasmiy Pekin 5 iyul kuni Urumchida o’tgan namoyishlarda jami 192 kishi halok bo’lgan, aksariyati xitoylar demoqda. Uyg’urlar bu ma’lumot yolg’on, o’lganlarning ko’pi uyg’urlar deya, jahon hamjamiyatidan Xitoyga qarshi chora ko’rishni so’ramoqda.
Xitoy nazarida etnik mojaro ortida uyg’urlar yetakchisi Robiya Qodir turibdi. Jahon Uyg’urlari Kognressi rahbari bu ayblovlarni rad etgan.
Keyingi oy Avstraliyada o’tayotgan xalqaro film festivali doirasida Robiya Qodir hayotini aks etuvchi, “Sevgining 10 shartlari” nomli xujjatli film namoyish etilishi rejalangan.
Xitoyning Avstraliyadagi konsulligi Melburn Xalqaro Film festivali tashkilotchilaridan kartina namoyish etilmasin, deb talab qilgan.
Festival direktori Richard Murning aytishicha, Xitoy rasmiysi Chen xonim qo’nq’iroq qilib, quyidagi shartlarni bajarashni talab qilgan.
“Birinchidan, film festivaldan olib tashlanishi, ikkinchidan, nima sababdan asar festival dasturiga kirgani izohlanishi kerak ekan”, - deydi Richard Mur.
Film tashkilotchilari Xitoyning bu dag’dag’asi ish bermasligini aytgan.
11 farzand onasi Robiya Qodir ayni damda Vashingtonda istiqomat qiladi. 1999 yilda josuslikda ayblanib hibsga olingan edi. Keyinchalik AQSh bosimi bilan ozodlikka chiqqan faol Xitoy tomonidan separatizmda ayblanib keladi. Robiya Qodirning uch farzandi hamon Xitoy qamoqxonalarida saqlanmoqda.
“Sevgining 10 sharti” xujjatli filmi Sharqiy Turkistondagi uyg’urlar turmushi, ular yuzlanayotgan muammolar va Robiya Qodirning hayotiga nazar tashlaydi.
Uyg’ular rasmiy Pekin madaniyatimiz, dinimiz va tilimizni tahqirlab insoniy huquqlarimizdan mahrum etmoqda, ishlash imtiyozlaridan cheklamoqda, deya nolib keladi.
Yaqinda Xitoy Avstraliyaga tegishli ko’mir kompaniyasi rasmiysini josuslikda ayblab hibsga olgach, Kanberra – Pekin aloqalari ham sovuqlashgan.